Gretsiyaning Xios oroli yaqinida, Egey dengizida sodir bo‘lgan to‘qnashuv oqibatida 15 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya tomondan muhojirlarni olib kelayotgan rezina qayiq patrul kemasiga urilgan.
Rasmiylar fojia oldidan qayiq ortga qaytishga chaqirilganiga e’tibor qaratgan. To‘qnashuv qanday yuz bergani hozircha aniq emas. Hodisa joyida 25 yo‘lovchi qutqarilgan. Afsuski, ulardan biri keyinchalik shifoxonada vafot etgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari hanuz davom etmoqda.
Guvohlar aytishicha, 30 dan ziyod odam ishtirokidagi voqea oqibatida qirg‘oq qo‘riqlash xizmati ikki xodimi ham jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Qurbonlarning millati hozircha aniqlanmagan.

Gretsiya ko‘p yildan buyon Yevropaga noqonuniy yo‘l bilan yetib borishga urinayotganlar uchun asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda Afina dengiz va quruqlikda nazoratni kuchaytirgan bo‘lsa-da, bu boradagi siyosat xalqaro tashkilotlar tomonidan bir necha bor tanqid qilingan.
Yevropa Ittifoqi chegara agentligi Gretsiyaga nisbatan inson huquqi buzilishi ehtimoli mavjud 12 holat o‘rganilayotganini ta’kidlagan. Afina esa barcha ayblovlarni inkor etib, boshpana izlovchilarni majburan qaytarish amaliyoti yo‘qligiga urg‘u berib keladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA