Gretsiyada ishchilar hukumatdan narx-navo oshishiga qarshi chora ko‘rishni talab qilib, 24 soatlik ish tashlash e’lon qilishdi.
“Anadolu” xabarida Kasaba uyushmalari va Davlat xizmatchilari konfederatsiyalari chaqirig‘idan so‘ng turli tizimlarda shunday qarorga kelingan.
Bu tashabbusni Kommunistik partiya bilan bog‘langan PAME kasaba uyushmasi ham qo‘llab-quvvatladi.
Aksiya natijasida Afina va yana bir necha yirik shaharda jamoat transporti faoliyati to‘xtadi. Temir yo‘l va dengiz qatnovi butunlay cheklangan. Poyezd reyslari bekor qilinib, kemalar portlarda turib qoldi.
Afinada ish tashlash namoyishga ulanib ketdi. Poytaxt markazida yig‘ilgan minglab ishchi va xizmatchi hayot kechirish uchun zarur mahsulotlar narxi ko‘tarilishi va ish haqi kamligini aytib, o‘z talablarini ilgari surish uchun parlament binosi oldiga bordi.
Pensionerlar 2009 yil boshlangan iqtisodiy inqiroz davrida bekor qilingan nafaqalarni qayta tiklashni so‘ramoqda.
Xuddi shunday norozilik chiqishi boshqa shaharlar, jumladan Salonikida ham kuzatildi.
M.Pirmatova, O‘zA