Minglab yunonlar, talabalar poyezd halokatiga bir yil to‘lishi munosabati bilan Afina markazi bo‘ylab namoyishga chiqishdi. Ish tashlovchilar maoshni oshirish, mamlakatda adolat o‘rnatishni talab qilishmoqda. 24 soatlik aksiya sabab mamlakat bo‘ylab temir yo‘l harakati cheklandi, poytaxtda jamoat transporti to‘xtadi. Namoyishchilarga qo‘shilgan talabalar parlament binosi oldida vafot etganlar ismini yozib ketishdi.
2023-yil 28-fevralda Afinadan Saloniki shahriga ketayotgan yo‘lovchi poyezd yuk ortgan tarkib bilan yuzma-yuz to‘qnashib, oqibatda 57 kishi halok bo‘lgan. Bu voqea temir yo‘l sohasiga yillar davomidagi e’tiborsizlik uchun ommaviy norozilik keltirib chiqargan edi. Halokatdan keyin konservativ hukumat temir yo‘llarni isloh etib, xavfsizroq qilishga va’da berdi. Afsuski, oradan bir yil o‘tsa-da, va’da bajarilmagan.
– Hukumat boshlig‘i, fuqaro va ota sifatida mamlakat qayg‘usiga sherikman, – dedi Bosh vazir Kiriakos Mitsotakis televideniye orqali murojaatida. Shuningdek, u davlatning doimiy kamchiliklarini tuzatishga va’da bergan. Namoyishchilar bir yo‘la davlat sektorida 14-yildan so‘ng birinchi marta maosh yetarli darajada oshirilmaganiga qarshi norozilik bildirishdi. Ular ta’kidlashicha, ish haqini 10 foiz oshirish kerak, chunki o‘sish yashash narxi oshishi bilan teng emas. Konservativ hukumat 2019-yil ish boshlagandan beri, eng kam oylik maoshni 20 foiz oshirib, 780 yevro (844 dollar)ga yetkazdi. 2027-yilga borib oylik ish haqini 950 yevrogacha ko‘tarish va’dasi berildi. Baribir, mamlakatda oylik maosh haliyam Yevropa Ittifoqi o‘rtacha darajasidan orqada.
Keng tarqalgan ish tashlash temir yo‘l harakatini to‘xtatib qo‘ydi.
Halokat joyida vafot etgan 57 kishi xotirasiga gul qo‘yildi.
Namoyishchilar temir yo‘l operatori qarorgohi oldida to‘plandi.
Talabalar parlament binosi oldida halok bo‘lganlar ismini yozib ketdi.
Sardor Poyonov, O‘zA