Gretsiya bu yil o‘rmon yong‘inlari mavsumining eng og‘ir kunlarini boshdan kechirmoqda, deb xabar bermoqda “Al Jazeera” nashri.
Ta’kidlanishicha, davomli kuchli shamollar va jazirama o‘lkaning sayyohlik hududi va orollarida vaziyatni yomonlashtirgan. Bu holat so‘nggi kunlarda evakuatsiya va qutqaruv operatsiyalarini amalga oshirishga majbur qilmoqda.

Gretsiya O‘t o‘chiruvchilar assotsiatsiyasi rahbari Kostas Singas chorshanba kuni “ERT News” telekanaliga bergan intervyusida mamlakat bo‘ylab bir kun avval 82 ta yangi yong‘in qayd etilganini va bu raqam “juda yuqori” ekanligini ta’kidladi.

Vaziyat ayniqsa, g‘arbiy Peloponnes yarimorolidagi Patra shahri yaqinida xavfli bo‘lib, u yerda ikkita yirik yong‘in sodir bo‘lgan. Shuningdek, yong‘inlar Preveza, Zakintos va Xios orollarida ham davom etmoqda.
Ayniqsa, Xios va Zakintos sayyohlik orollarida alangani o‘chirish uchun bugun tongdan boshlab 33 samolyot yordamida 5 mingga yaqin o‘t o‘chiruvchilar safarbar etilgan.

O‘.Alimov, O‘zA