Gretsiyaning Amindeon shahrida yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan Gretsiya chempionati o‘zbek sportining jozibasini namoyish etdi.
Yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida eng kuchli polvonlarni aniqlash hamda kurash bo‘yicha Gretsiya terma jamoasi tarkibini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan chempionatda 163 nafar sportchi g‘oliblik uchun gilamga chiqdi. Bellashuvlar yuqori saviyada, keskin va murosasiz ruhda kechdi.

E’tiborga molik jihati, Gretsiya kurashi tarixida ilk bor ushbu chempionat doirasida imkoniyati cheklangan yoshlar, xususan ko‘zi ojiz sportchilar o‘rtasida ham bahslar tashkil etildi. Matonati va sportga bo‘lgan qiziqishini namoyon etgan irodalilar orasida ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Gretsiya terma jamoasi tarkibini mahoratli kurashchi yoshlar bilan to‘ldirishga xizmat qilgan chempionat yakunida tashkilotchilar barcha ishtirokchilar, ayniqsa imkoniyati cheklangan sportchilarga kurashga bo‘lgan qiziqishi va faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA