AQSH Prezidenti Donald Tramp Grenlandiya masalasini ochiqchasiga siyosiy o‘yin darajasiga olib chiqdi. "Reuters" yozishicha, u orol ustidan nazorat o‘rnatish istagini Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini ololmagani bilan bog‘lab, Yevropaga qarata yangi savdo urushi eshigini ochdi.
Nobel mukofoti berilmagach, Amerika yetakchisi “faqat tinchlik haqida o‘ylash mas’uliyati”ni his etmayapti. Uning so‘nggi bayonoti Yevropada xavotirni kuchaytirdi. Gap faqat mukofot yoki Grenlandiya haqida emas, balki NATO doirasidagi ishonch, transatlantik munosabatlar va global barqarorlik ham sinovda.
Daniyaga Grenlandiyani himoya qila olmasligini pesh qilarkan, Qo‘shma Shtatlar rahbari Yevropa davlatlarini tarif orqali jazolash bilan tahdid qilmoqda. Fevraldan boshlab boj bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, yozda yanada og‘ir iqtisodiy bosim kuzatilishi mumkin. YeI buni ochiqchasiga majburlash, deb baholadi va qarshi choralar tayyorlay boshladi.
Bryussel ssenariysi qat’iy: milliardlab yevrolik AQSH importiga tarif yoki ilgari hech qo‘llanmagan “aksil majburiy mexanizm”. Yevropa yetakchilari fikrida sobit — hudud sotilmaydi, odamlar savdo ob’ekti emas.
Grenlandiya hukumati ham aniq pozitsiyada: bosim qabul qilinmaydi, qaror faqat xalq irodasi va xalqaro huquq asosida qabul qilinadi. Daniya esa Arktikadagi harbiy mashg‘ulot bilan vaziyatni jiddiy qabul qilayotganini ko‘rsatdi.
Bu mojaro savdo yoki diplomatiya tortishuvidan ko‘ra kengroq. Nobel mukofotidan boshlangan ranj bugun tarifga, ertaga Alyans taqdiriga ta’sir qilishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA