Qo‘shma Shtatlar va NATOdoirasida muhokama qilinayotgan Grenlandiya bo‘yicha kelishuv orol ustidan Daniya suverenitetini saqlab qolishni nazarda tutadi. Bu haqda “Axios” nashri xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, kelishuv AQSH va Daniya o‘rtasida 1951 yilda imzolangan “Grenlandiya mudofaasi to‘g‘risidagi bitim”ni yangilashni ko‘zda tutadi. Ushbu hujjat Vashingtonga orolda harbiy bazalar qurish va NATO zarur deb topgan taqdirda himoya hududlari tashkil etish huquqini beradi.
“The Telegraph” nashri manbalarga tayanib yozishicha, hujjat Grenlandiyaning Daniya tarkibida qolishini tan olgan holda, AQSH harbiy ob’ektlari joylashtiriladigan ayrim hududlar uning suveren hududi sifatida qaralishi mumkin.
Ekspertlar buni Buyuk Britaniya va Kipr o‘rtasidagi tajriba bilan qiyoslamoqda. Ma’lumki, Kipr mustaqillikka erishganidan keyin ham Akrotiri va Dekeliya hududlari Buyuk Britaniyaning suveren harbiy bazalari sifatida saqlanib qolgan.
“Reuters” axborot agentligi NATO matbuot kotibi Ellison Hart so‘zlarini keltirib, Mark Ryutte Donald Tramp bilan muzokaralarda Daniya suvereniteti masalasida hech qanday murosa taklif qilmaganini ta’kidladi.
Mark Ryutte esa “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Grenlandiyani qo‘shib olish mavzusi muhokama qilinmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy e’tibor Arktika xavfsizligi va mintaqaga RF hamda XXR faoliyatining ortib borayotganiga qaratilgan.
D.Hakimov, O‘zA