Jahon moliya bozori yana bir bor siyosiy zarbani his qildi. AQSH Prezidenti Yevropaning sakkiz davlatiga nisbatan yangi tarif joriy etilishini e’lon qilarkan, savdo urushi xavfi qayta jonlandi, dollar zaiflashdi.
Trampning bayonoti ochiqcha shartga o‘xshaydi: agar Vashingtonga Grenlandiyani sotib olish yo‘li ochilmasa, Daniya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa qator davlatlaridan AQSHga kirib boradigan mahsulotlarga fevraldan 10 foiz, iyundan esa 25 foiz boj qo‘llanadi. Ko‘hna qit’adagi poytaxtlar bu qarorni ig‘vo sifatida baholagan.
Natija uzoq kuttirmadi. Yevropa fond bozorida savdo susaydi, Osiyoda tavakkalchilikdan qochish kayfiyati hukmron. Dollar bosim ostida qoldi, sarmoyadorlar ko‘proq yevro, yena va Shveysariya frankiga murojaat qilmoqda. Xavfsiz aktiv sifatida oltin tarixiy rekordni yangiladi.
Tahlilchilar diqqatni muhim paradoksga qaratmoqda: tarif siyosati Yevropani nishonga olayotgandek ko‘rinsa-da, asosiy zarbani AQSHning o‘zi olyapti. Siyosiy tavakkalchilik dollar obro‘sini yemirmoqda. Natijada pul oqimi va Vashington aktiviga ishonch so‘roq ostida qolyapti.
Yevropa holatga javob qaytarish niyatida. Bryusselda ilgari sinovdan o‘tmagan iqtisodiy qarshi choralar muhokama qilina boshladi. Savdo urushi yana kun tartibiga qaytdi, global iqtisod navbatdagi noaniqlik davriga qadam qo‘ymoqda.
Endi mojaro faqat tarif tufayli emas. Gap ishonch, siyosiy barqarorlik va global tizim qanchalik mustahkamligi haqida ketyapti. Bozorlar asl vaziyatni allaqachon sezib ulgurdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA