Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Green University”da turkman talabalariga grant ajratiladi
11:07 / 2025-11-18

Qo‘shni Turkmaniston bilan o‘rmon qonunchiligi bo‘yicha tajriba almashish, yong‘oq, pista va zaytun kabi daraxtli ekinlarni ko‘paytirish, xalqaro tabiatni muhofaza qilish konvensiyalarini amalga oshirish, qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish, o‘rmon yong‘inlarining oldini olish va zararkunandalarga qarshi kurashish sohalarida hamkorliklar yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, xalqaro donorlar uchun qo‘shma loyihaviy takliflar tayyorlash, iqlim o‘zgarishining ta’sirini o‘rganish, ayniqsa, Orolbo‘yi hududida, shifobaxsh o‘simliklarni saqlash bo‘yicha tajriba almashish, ov xo‘jaligi, ekologik madaniyat va turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish ham rejalashtirilmoqda.  

Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi. Vazirlik tomonidan ma’lum qilinganidek, Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov Turkmanistonning atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Charygeldi Babaniyazov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi va 2026-2030 yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlikka doir “Yo‘l xaritasi”ni imzolashga tayyorgarlik masalasida kelishib olindi.  

Mazkur “Yo‘l xaritasi”da yuqoridagi hamkorliklar bilan birga “Green University” uchun turkman talabalariga grant o‘rinlari ajratish, shuningdek, ularni O‘zbekiston OTMlarida ekologik yo‘nalishlarda tayyorlash masalasi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, uchrashuvda kovrakning yovvoyi turlarini saqlash bo‘yicha hamkorlik salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Turkmaniston tomonidan tiklash va ilmiy tadqiqot maqsadlari uchun urug‘ yoki ko‘chat materiallari yetkazib berish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Surxondaryoda kovrak yetishtirish bo‘yicha qo‘shma pilot loyihani amalga oshirish taklif etildi.  

Shuningdek, tomonlar cho‘llanishga qarshi kurashish, cho‘lga bardoshli ekinlar maydonlarini kengaytirish, umumiy ko‘chatxona yaratish va “cho‘l agroo‘rmonchiligi” yo‘nalishini rivojlantirish borasida qo‘shma tadqiqotlarni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

M.Komilova tayyorladi, O‘zA