French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Green University tarkibida maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etildi
17:03 / 2025-02-26

Bugun AOKAda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboyeva brifing o‘tkazdi.

Brifingda ta’kidlanishicha, ilk bor ekologik ta’lim jarayonlarini kompleks jamlagan holda Universitet tarkibida 3 ta ilmiy tadqiqot institut, 2 ta kasb hunarga yo‘naltirilgan texnikum, ekologik yo‘nalishdagi xodimlarni malaka oshirish markazi, 1 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi va 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etildi.

Hozirda universitetda ekologiya, barqaror boshqaruv, atrof-muhit iqtisodiyoti, ekologiya huquqi, ekologik innovatsiya va raqamlashtirish yo‘nalishlarida bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda. Shu bilan birga har yili Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kamida 25 ta hamda magistratura va doktorantura (PhD) mutaxassisliklari bo‘yicha kamida 20 ta grant o‘rni ajratiladi.

Shuningdek, Universitetda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan akademik va kasbiy tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘quv dasturlari ular bilan hamkorlikda, “fan-ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili asosida ishlab chiqilgan. Muassasada fanlararo tadqiqotlar qilish, innovatsion pedagogik uslub va texnologiyalarni ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot va amaliy bilimlarni integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yangi o‘quv yilidan universitetda dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, urug‘chilik, ko‘chatchilik, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha qisqa kurslar tashkil qilib, har yili 1 ming nafar xodimning malakasini oshirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, har yili “Yosh ekologlar” harakati qurultoyiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 1 000 nafarga yaqin ekovolontyor yosh jalb qilinmoqda. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda bugungi kunda 10 ming 118 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 31 ming 916 ta ekologik-bilogik to‘garagi tashkil etilgan va 473 ming 968 nafar o‘quvchi yosh jalb qilingan. 5 ming 200 ta umumta’lim maktabida “Ekologiya burchaklari” tashkil etilgan.

Kelgusida ham qator dolzarb vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, davlat grantlari doirasida va xo‘jalik shartnomalari asosida Green University va uning tarkibidagi 3 ta ilmiy tadqiqot institutda 9 ta ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boriladi. Universitetda “sirkulyar iqtisodiyot” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Green University”ning “yashil texnikumlari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA