Andijonda “Nodavlat notijorat tashkilotlari: demokratik islohotlarning muhim bo‘g‘ini” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyat hududiy bo‘linmalari hamkorligida o‘tkazildi. Unda viloyatda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, Milliy-madaniy markazlar viloyat bo‘limlari rahbarlari, shuningdek, hamkor tashkilotlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab qator nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy-madaniy markazlar viloyat bo‘limlari, nogironlik jamiyatlarining 2024 yil va joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan axborotlari eshitildi.
[gallery-23037]
Ishtirokchilar tomonidan axborotlar hamda NNTlar faoliyati samaradorligini oshirish, islohotlar, mavjud muammolarni bartaraf etish jarayonidagi ishtirokini kuchaytirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Seminar ishtirokchilariga Jamoat fondining ngo.gov.uz elektron tizimi, e’lon qilinayotgan grant tanlovlarida elektron platforma orqali onlayn ishtirok etish tartiblari haqida ma’lumot va tushuntirishlar berildi.
– Bundan buyon NNTlar tanlovlarda maxsus platforma orqali faqat onlayn tarzda ishtirok etishi mumkin, – deydi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Andijon viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Zarduna Ismoilova. – Bu bilan tanlovlarning adolatli, qulay va shaffof o‘tishi ta’minlanadi. Taqdim etilayotgan loyihalarning qanchalik muhim va ahamiyatli ekanligi keng jamoatchilik tomonidan bevosita kuzatib boriladi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan o‘quv seminari ishtirokchilari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari