Bugun AOKAda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovi yakunlari haqida ma’lumot berildi.

Unda qayd etilganidek, aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy muhofaza va sog‘liqni saqlash, atrof-muhit va sanitar-gigiyenik holatni yaxshilash, ta’lim, madaniyat va sportni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan grant tanloviga fuqarolik jamiyati institutlaridan ngo.gov.uz platformasi orqali jami 850 ta loyiha taqdim etilgan. Jumladan, Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan 14 ta grant tanloviga 521 ta, Jamoat fondining hududiy bo‘linmalari tomonidan e’lon qilingan 14 ta grant tanloviga 329 ta loyiha taqdim qilingan. Tahlillarga ko‘ra, ularning 66 foizi nodavlat notijorat tashkilotlari, 29 foizi mahalla fuqarolar yig‘ini va 4 foizi esa ommaviy axborot vositalari ulushiga to‘g‘ri keladi.
Baholash natijalaridan kelib chiqib, Parlament komissiyasi 28 ta tanlovning 166 ta yo‘nalishi bo‘yicha 172 ta loyihani g‘olib deb topdi va ushbu loyihalarga 18 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ta’kidlanganidek, loyihalar hududlar kesimida mutanosib ravishda taqsimlangan va bitta loyiha 200 million so‘mgacha moliyalashtirilmoqda.
Shuningdek, Jamoat fondiga 25 ta davlat organining 55 ta ijtimoiy buyurtma loyihasi taqdim etilgan. Parlament komissiyasi ushbu talabnomalarni dolzarbligi bo‘yicha o‘rganib chiqib, 10 ta davlat tashkilotining jami 24 milliard so‘mlik 11 ta ijtimoiy buyurtmasi tanlab olingan.
Brifingda korrupsiyaga qarshi kurashish, ijtimoiy himoya, tibbiyot, ta’lim, madaniy meros, aholi muhofazasi, jamoatchilik nazorati kabi sohalardagi davlat ijtimoiy buyurtmalar tanloviga fuqarolik jamiyati institutlari joriy yil 11 avgustga qadar hujjatlarni taqdim etishi mumkinligi aytib o‘tildi.
M.Komilova, O‘zA