Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Grant mablag‘lari maqsadli sarflanmoqda
12:33 / 2023-01-25

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda 2022 yilda Buxoro viloyatidagi NNTlardan 13 tasiga grant ajratildi.

– Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan “Buyuk ipak yo‘li” Buxoro madaniy-ma’rifiy markazining “Buxoro amirligi qozixona mahkamasi tarixi” nomli loyihasi 70 million so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirildi, – deydi loyiha rahbari, “Buyuk ipak yo‘li” Buxoro madaniy-ma’rifiy markazi direktori Ismat Naimov.  – Mazkur loyiha Buxoro shahridagi Abdullobekov ko‘chasida joylashgan “Qozixona” deb nomlangan XIX asrga oid madaniy meros ob’ektida loyiha oldi arxeologiya ishlarini olib borish va uning natijasi hisoblangan maxsus ilmiy risola nashr etishni nazarda tutgan. Loyiha doirasida 2022 yil 5 sentyabrdan – 5 noyabriga qadar qozixona madaniy meros ob’ektida tarix fanlari doktori, dotsent arxeolog olim Jamoliddin Mirzaahmedov rahbarligida  arxeologiya ishlari olib borildi. Kuz-qish mavsumida madaniy meros ob’ektida tabiiy talofat yetkazilishining oldini olish maqsadida loy-suvoq ishlari amalga oshirildi.  

2023 yilning 5-14 yanvar kunlari Toshkent shahrida ilmiy safarda bo‘lib, O‘zbekiston Milliy arxivi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi fundamental kutubxonasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Buxoro amirligi qozilik mahkamasi tarixiga oid manbalar izlab topildi. Nashr etilishi rejalashtirilgan risolada foydalanish rejalashtirildi. Ayni paytda ilmiy risola ustida ishlanmoqda. Grant loyihasi 9 oyga mo‘ljallangan bo‘lib ishlar davom etmoqda.  

–“Jaholatga qarshi ma’rifat” deb nomlangan loyihamiz Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab – quvvatlash jamoat fondi mablag‘i bilan moliyalashtirildi, – deydi loyiha rahbari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Vobkent tumani bo‘linmasi rahbari Nodir Rustamov. – Loyiha doirasida taqdimot va bukletlar tayyorlandi. Shohnigor, Xalach mahalla fuqarolar yig‘inida kitobxonlik targ‘iboti tadbirlari o‘tkazildi, bukletlar tarqatildi.  

Tuman hokimligi, diniy ishlar qo‘mitasi, “Vobkent hayoti” gazetasi tahririyati, tuman axborot xizmati va xalq ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda loyiha ijrosi yuzasidan kitobxonlik tanlovi targ‘iboti bo‘yicha tadbir tashkil etildi.  

– Buxoro viloyati rus madaniyat markazining “Millatlararo bag‘rikenglik va do‘stlik muhitini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi loyihasi grant g‘olibi bo‘ldi  

– Loyiha doirasida fuqarolik, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan festivallar, forumlar, tanlovlar, uchrashuv va boshqa tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan edi,  – deydi  rus milliy madaniyat markazi rahbari Natalya Choponashvili. – Har qanday muammolarni faqat birgalikda, birlashgan holda hal qilishimiz mumkin. Loyihaning  bosh shiori “Biz turli millat vakillarimiz, lekin biz bir xalqmiz. Hammamiz o‘zbekmiz. Vatan bilan oldinga!” deb nomlangan.  Loyiha doirasida asosiy mavzuni ochib beradigan bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Loyiha doirasida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Shahar bo‘ylab sayohat” tadbiri samarali bo‘ldi. Rus tilini bilmaganlar uchun dasturi bo‘yicha davra suhbatlari o‘tkazildi. “Maslenitsa”, “Esimda”, “Faxrlanaman” tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi.  

G‘oliblar ro‘yxati Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinib borilmoqda.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA