Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning 1 sentyabriga qadar kam daromadli, ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish maqsadida kasbiy ta’lim tashkilotlari tomonidan jami 215 ming 409 nafar xotin-qiz kasb-hunarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilgan. 15 ming 589 nafar xotin-qiz “Ustoz-shogird” an’anasi asosida usta-hunarmandlarga biriktirilib, hunarmandchilikka jalb qilingan. Xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 130 mingdan ziyod xotin-qizga 2,5 trillion so‘mdan ortiq kredit ajratilgan. Xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilgan loyihalar hisobiga 148 ming 352 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizning kasanachilik asosida bandligini ta’minlagan tadbirkorlik sub’ektlari uchun har birining qiymati 50 million so‘m bo‘lgan grant loyihalari tanlovi e’lon qilindi. Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari 2024 yil 15 sentyabrdan 15 oktyabrga qadar hujjat topshirishi belgilangan.
Tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hududiy boshqarmalar tomonidan qabul qilinib, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga taqdim etiladi. Taqdim etilgan tanlov ishtirokchilarining hujjatlari Oila va xotin-qizlar qo‘mitasida umumlashtirilgan holda tanlov komissiyasiga beriladi. Hujjatlar Nizomda belgilangan mezonlar bo‘yicha tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va g‘oliblar aniqlanadi, tanlov g‘oliblari OAVda e’lon qilinadi.
Tanlov ishtirokchilari soni cheklanmagan bo‘lib, olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan respublikada faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etishi mumkin. Tanlovda ishtirok etish uchun tanlov ishtirokchilari pochta jo‘natmasi orqali yoki shaxsan tashrif buyurgan holda ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni qo‘mitaga va/yoki hududiy boshqarmalarga taqdim qiladi.
Tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar umumlashtiriladi va tanlov komissiyasiga taqdim etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA