O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovlarida qatnashib, g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati bo‘limi hududlardagi olti nafar, shu jumladan, Kosonsoy tumanida istiqomat qiluvchi to‘rt bemorning jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazilishida yaqindan ko‘maklashmoqda.
Dastavval, bemorlar Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tavsiyasiga asosan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ular viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida operatsiya qilinadi.

Xususan, Kosonsoy tumani Zamondosh mahallasi, “Yangi avlod” ko‘chasi, 48-uyda yashab kelayotgan 2003 yilda tug‘ilgan Sojida Akramovani suyak yemirilishi kasalligi bo‘yicha davolash va endoprotez qo‘yish jarrohlik amaliyoti o‘tashida yordam berish ko‘zda tutilgan edi. E’tiborlisi, bemorni jarrohlik stoliga yotishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni Oliy Majlisi huzuridagi fond orqali ajratib berildi.

Jarrohlik amaliyoti o‘tagan 22 yoshli ayolning xonadoniga parlament huzuridagi jamoat fondi mas’ul xodimi Jahongir Ibrohimjonov, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, Kosonsoy tuman hokimligi mutasaddilari kelib, bemorning salomatligi bilan qiziqishdi.

– Kasallik boshlanganda tushkunlikka tushib qoldim, sababi operatsiya xarajatlari, unga kerak bo‘ladigan endoprotez, qolaversa, muolaja uchun dori-darmon va shifoxona tibbiy xizmatini to‘lashga pulimiz yetmasdi. Shuning uchun Kosonsoy tumani hokimligiga yo‘llagan murojaatim besamar ketmadi, “Mahalla” fondi xodimlari yo‘qlab kelishdi. Tuman va viloyat shifoxonalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, operatsiyaga zarur barcha choralarni ko‘rishdi. Yaqindagina, viloyat shifoxonasi travmatologiya bo‘limida malakali jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdim. Qo‘li yengil shifokorlar va saxovatpesha fondga rahmat, hozir o‘zimni kasallikni unutgandek his qilyapman, – deydi Sojida Akramova.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.