English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Grant g‘oliblari aniqlandi
18:56 / 2025-07-20

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovlari g‘oliblariga maxsus sertifikatlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

[gallery-24392]

Hududlarda saqlanib qolayotgan muammolarni fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda hal etish, ularning tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Parlament komissiyasi a’zolari va Jamoat fondi vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan joriy yilda respublikaning barcha hududlarida ijtimoiy ahamiyatga molik muammolar o‘rganilib, Parlament komissiyasi tomonidan hududlar kesimida ushbu muammolarning yechimiga qaratilgan davlat granti tanlovi e’lon qilingan edi.

Aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash, atrof-muhit va sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash, ta’lim, madaniyat va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan grant tanloviga fuqarolik jamiyati institutlaridan ngo.gov.uz platformasi orqali Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan 7 ta yo‘nalishdagi grant tanloviga 64 ta tashkilot, Jamoat fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan e’lon qilingan 6 ta yo‘nalishdagi grant tanloviga 40 ta tashkilot, jami 104 ta loyiha topshirilgan.

Ta’kidlash joizki, grant tanloviga loyiha taqdim etish, ularni Parlament komissiyasi tomonidan baholash jarayonlari ilk bor raqamlashtirilgan holda ochiq-oshkora tizimda ngo.gov.uz platformasida amalga oshirildi.

Baholash natijalaridan kelib chiqib, Respublika bo‘yicha Parlament komissiyasi 28 ta tanlovning 166 ta yo‘nalishi bo‘yicha 172 ta loyihani g‘olib deb topdi va ushbu loyihalarga 18 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu ko‘rsatkichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi kesimida esa 13 ta yo‘nalish bo‘yicha 14 ta loyiha g‘olib deb topildi va ularga jami 1 milliard 456 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Bu yilgi grant tanlovining yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, loyihalar hududlar kesimida proporsional tarzda taqsimlangan va Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan bir loyiha 200 million so‘mgacha va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan 100 million so‘mgacha moliyalashtirilmoqda.

Tadbir yakunida g‘oliblarga sertifikatlar topshirildi.

Dovud Abibullayev,  Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA