Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Grand Swiss FIDE”da 4 nafar shaxmatchi 6 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda
10:29 / 2023-11-03

Mukofot jamg‘armasi 600 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lgan “Grand Swiss FIDE” xalqaro turnirining 8-tur o‘yinlari ortda qoldi. Unda FIDE bayrog‘i ostida dona surayotgan Andrey Yesipenko, hindistonlik Santosh, AQSHlik Karuana, ruminiyalik Bogdan-Daniyel Diac 6 ochko jamg‘argan holda yetakchilik qilmoqda.

Kecha o‘tkazilgan 8-tur o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan to‘rt nafar shaxmatchimizning barchasi durang natija qayd etdi.  

Javohir Sindorov qora donalarda Angliya sharafini himoya qilayotgan Nikita Vityugov bilan, Nodirbek Yoqubboyev hindistonlik Pragnanandxa bilan, Nodirbek Abdusattorov xorvatiyalik Ivan Sharich bilan, Shamsiddin Vohidov ukrainalik Ruslan Ponomaryov bilan yarim ochkodan bo‘lishib oldi.  

Bugun, 3 noyabr kuni xalqaro turnirning 9-turida Javohir Sindorov - Maksim Vashe-Lagrav (Fransiya), Benyamin Gledura (Vengriya) — Nodirbek Abdusattorov, Sem Shankland (AQSH) — Nodirbek Yoqubboyev,  Kiril Shevchenko (Ruminiya) — Shamsiddin Vohidov uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.  

Dunyoning 164  shaxmatchisi qatnashayotgan “Grand Swiss FIDE” turnirida aytib o‘tganimizdek 4 nafar grossmeyster peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, ularni ta’qib etayotgan 9 nafar shaxmatchi 5,5, 9 nafari 5, 25 nafari 4,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.  

Hamyurtlarimizdan Javohir Sindorov 5 ochko bilan 15-o‘rinda, 4,5 ochko jamg‘argan Nodirbek Yokubboyev 26-pog‘onada, Nodirbek Abdusattorov 41-o‘rinda, 3,5 ochko qo‘lga kiritgan Shamsiddin Vohidov esa 114 nafar ishtirokchi orasida 81-qatorda bormoqda.  

Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro turnir 11 turdan iborat bo‘lib, 6 noyabrga qadar davom etadi. Erkaklar o‘rtasidagi sovrinli o‘rinlar uchun belgilangan 460 ming AQSH dollari 31-o‘ringacha taqsimlanadi.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA