Buyuk Britaniyaning Duglas shahrida davom etayotgan “Grand Swiss FIDE” xalqaro turnirining 7-tur o‘yinlaridan keyin hindistonlik Santosh Gujratxi Vidat 5,5 ochko jamg‘arib, turnir yetakchiligini qo‘lga kiritdi.
Kecha o‘tkazilgan 7-tur musobaqasida Santosh hamyurtimiz Javohir Sindorov bilan kuch sinashdi. Shiddatli va o‘ziga xos dramatik vaziyatlarga boy kechgan bahsda Sindorov g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Bu esa Vidatni 5,5 ochko bilan musobaqa peshqadamiga aylantirdi.
Xuddi shuningdek, turnir jadvalida kuchli o‘nlikda borayotgan Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda ruminiyalik Bogdan-Daneil Dyakga ochko taqdim etishga majbur bo‘ldi.
Nodirbek Abdusattorov va rossiyalik Yevgeniy Nayer hamda Sh.Vohidov va misrlik Bassem Amin o‘rtasidagi kurashlarda murosa yo‘li tanlandi.
Mukofot jamg‘armasi 600 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lgan xalqaro turnirning 8-tur o‘yinlari boshlanishi arafasida aytib o‘tganimizdek, Sindorovdan 1 ochko tortib olgan Santosh turnir jadvalini boshqarayotgan bo‘lsa, bahslarda qatnashayotgan 114 nafar ishtirokchidan 11 nafari 5, 12 nafari 4,5, 20 nafari 4, 26 nafari 3,5, 19 nafari 3 ochkoga ega bo‘lib turibdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan J.Sindorov 4,5, N.Yoqubboyev va N.Abdusattorov 4 hamda Sh.Vohidov 3 ochko bilan musobaqadagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Bugun, 2 noyabr kuni “Grand Swiss FIDE”ning 8-turida J.Sindorov qora donalarda Angliya sharafini himoya qilayotgan Nikita Vityugov bilan, N.Yoqubboyev hindistonlik Pragnanandxa bilan, N.Abdusattorov xorvatiyalik Ivan Sharich bilan, Sh.Vohidov ukrainalik Ruslan Ponomaryov bilan ro‘baro‘ keladi.
Nufuzli musobaqaning ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarida 7-tur yakuniga ko‘ra, hindistonlik Rameshbabu Vayshali, ukrainalik Anna Muzыchuk, bolgariyalik Antoaneta Stefanova 5,5 ochkoga ega bo‘lgan tarzda peshqadamlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 6 noyabr kuniga qadar davom etadigan “Grand Swiss FIDE” bahslarida erkaklar uchun ajratilgan mukofot jamg‘armasi egallagan pog‘onasiga qarab 31-o‘ringacha taqsimlanadi. Unda 1-o‘rinni egallagan shaxmatchi 80 ming, 2-o‘rin sohibi 60 ming, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 40 ming AQSH dollari pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA