Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Grand Swiss-2025”: Sovrindorlikka da’vogarlar safi yanada oydinlashmoqda
12:07 / 2025-09-13

Bugun, 13 sentyabr kuni Samarqandda qizg‘in kurashlar ostida o‘tayotgan “Grand Swiss-2025”ning 9-turida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 6 ochko bilan guruhda yetakchilik qilayotgan germaniyalik Mattiasu Blyubaumga qarshi dona suradi.

Kecha o‘tkazilgan 8-tur o‘yinlarida Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov, Muhammadzohid Suyarov, Jahongir Vahidov va Shamsiddin Vohidov raqiblari bilan durang o‘ynadi. Mahoratli yosh shaxmatchimiz Abdumalik Abdusalimov germaniyalik raqibini taslim etib, turnirdagi uchinchi g‘alabasini tantana qildi. Oq donalarda harakatlangan Muhiddin Madaminov va Ortiq Nig‘matov raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘yishdi.

8-turda kuchlilar bilan o‘tgan bahslarda xotin-qiz shaxmatchilarimizdan Umida Omonova o‘zidan reyting ko‘rsatkichi ancha baland bo‘lgan polshalik Klaudia Kulonni qora donalarda mag‘lub etganligi tahsinga loyiq sanaladi. Qolgan shaxmatchilarimiz Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Madinabonu Xalilova va Guldona Karimova raqiblari bilan murosa yo‘lini tanlashdi.

Turnirda yetakchilikka da’vogarlar o‘rtasidagi musobaqalarda germaniyalik Vensent Keymer 2023 yilgi “Grand Swiss” turniri g‘olibi hindistonlik Viditni mag‘lub etdi. Yetakchilik qilayotgan Mattiasu Blyubaum va Nihal Sarin o‘rtasidagi o‘yinda ham kuchlar teng keldi. Umumiy hisob-kitobdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, sovrinli o‘rinlarga yaqin bo‘lgan o‘nta uchrashuvning sakkiztasida durang qayd etildi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslardan hindistonlik Vaishali Rameshbabuning qozog‘istonlik Bibisora Asoubayevaga yutqazib, da’vogarlar safidan chiqib ketganligi turning eng shov-shuvli voqeasi bo‘ldi, deyish mumkin. FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan Katerina Lagno ukrainalik Mariya Muzichukni tor-mor etib, yarim ochko farqi bilan yetakchiga aylanib olganligi ham hayratlanarli ko‘rinish oldi.

Erkaklar guruhida Mattiasu Blyubaum va Nihal Sarin 6 ochko bilan yetakchilik qilayotgan vaziyatda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 5,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 6-o‘rinda bormoqda. Xuddi shuningdek 7 nafar ishtirokchi hisobida ham 5,5 ochko mavjud.

Ko‘rinib turibdiki, 9-tur ostonasida g‘oliblik va sovrindorlikka da’vogarlar safi turdan turga tobora oydinlashib bormoqda. Ular qatorida Abdusattorovning borligi quvonarli hol, albatta. Ammo bu davraga Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyevning qo‘shila olish imkoniyati qay darajada ekanligiga aynan bugun o‘tadigan tur o‘yinlari hamda ularning tegrasida kechadigan boshqa o‘yinlar aniqlik kiritib beradi. Bugungi turda Sindorov ispaniyalik Maksim Chigayev, Yoqubboyev sloveniyalik Anton Demchenko qarshiligini yengishi lozim bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 855 ming AQSH dollaridan iborat turnirning 625 ming AQSH dollari ochiq, 230 ming AQSH dollari ayollar musobaqasida sovrinli o‘rinlarni egallaganlar o‘rtasida taqsimlanadi.

11 ta turdan iborat turnir bahslari 15 sentyabrga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA