Samarqandda qizg‘in kurashlar ostida o‘tgan “Grand Swiss-2025” turnirining g‘olib va sovrindorlari, 2026 yilgi jahon chempionati nomzodlar musobaqasida ishtirok etish huquqiga ega chiqqan shaxmatchilar nomi aniqlandi.
Deyarli ikki hafta mobaynida dunyo shaxmat ishqibozlari, mutaxassislari e’tiborini O‘zbekistonga qaratgan musobaqalar har jihatdan yuqori saviyada o‘tgani, unda kutilmagan natijalar qayd etilgani bilan “Grand Swiss-2025” xalqaro shaxmat olamida yangi tarix yaratdi.
Erkaklar musobaqasida 11 imkoniyatdan 8,5 ochko jamg‘argan niderlandiyalik Anish Giri g‘oliblikni tantana qilgan bo‘lsa, undan yarim ochko ortda qolgan germaniyalik Mattias Blyubaumga 2-o‘rin nasib etdi.
Mamlakatimiz shaxmatchilaridan Nodirbek Abdusattorov va Nodirbek Yoqubboyev 7 ochko bilan 116 nafar ishtirokchi orasida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 10 va 14-o‘rinlardan joy egalladi.
[gallery-25327]
Ayollar musobaqasida 8 ochkodan jamg‘argan hindistonlik Vayshali Rameshbabu va FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashgan Katerina Lagno sovrinli o‘rinlar bilan bir qatorda nomzodlar turnirida qatnashish huquqiga ega chiqdi.
Samarqandda shiddatli va murosasiz kechgan musobaqalarda amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh, turnirning birinchi raqamli ishtirokchisi Rameshbabu Praggnanandxa, FIDE reytingida 4-o‘rin sohibi Yan Nepomnyashiy kabi bir qator kuchli shaxmatchilar 6 ochko bilan 40-50-pog‘onalardan joy olgani har bir turdagi bahslar nechog‘li murakkab o‘tgani, shaxmatchilarning bilim darajasi yildan yilga yuksalayotganini ko‘rsatdi.
Taqdirlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi bosh direktori, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari A.Sa’dullayev, Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev va boshqalar “Grand Swiss-2025”ning g‘olib va sovrindorlariga tegishli darajadagi mukofotlarni topshirdi.
Shuningdek, 2026 yilgi jahon chempionati nomzodlar musobaqasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan Giri, Blyubaum, Vayshali va Lagnoni qizg‘in tabriklab, tegishli sertifikatlarni taqdim etishdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xQmlf9X_sZU" title="“Grand Swiss-2025”: Samarqandda jahon shaxmatining yangi tarixi yaratildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>To‘lqin Ro‘ziyev,
Alisher Isroilov (surat, video), O‘zA