Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Grand Swiss-2025”: Nodirbek Abdusattorov bugun Parham Maqsudlu bilan kuch sinashadi
12:41 / 2025-09-07

Qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda davom etayotgan “Grand Swiss-2025” turnirining 4-tur o‘yinlari ostonasida eronlik Parham Maqsudlu 3 ochko bilan yetakchiga aylanib oldi.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 855 ming AQSH dollaridan iborat turnirning kecha o‘tkazilgan 3-turida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Abhimanyu Puranikni dog‘da qoldirgan bo‘lsa, Javohir Sindorov kutilmaganda ukrainalik Ivan Cheparinovga, Jahongir Vohidov hindistonlik Pentala Xarikrishnaga yutqazib qo‘ydi. Ortiq Nig‘matov reytingda o‘zidan ancha yuqorida bo‘lgan serbiyalik Velimir Ivichni mag‘lub etdi.

Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda fransiyalik Jyul Mussar bilan, Muhammadzohid Suyarov armanistonlik Ayk Martirosyan bilan, Abdumalik Abdusalimov nigeriyalik Tennison Evomazino Olisa bilan durangga erishdi. Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov ishtirokidagi o‘yinda ham murosa yo‘li tanlandi.

Amaldagi jahon chempioni Dommaradju Gukesh 3-turda qora donalarda ispaniyalik Daniil Yuffadan ustun kelgan vaziyatda, turnirning birinchi raqamli shaxmatchisi Rameshbabu Praggnanandxa qora donalarda rossiyalik Boris Gelfandga yutqazib qo‘yganligi turning o‘ziga xos shov-shuvli voqeasi bo‘ldi.  

G‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biri sanalgan hindistonlik Arjun Ergaisi o‘tgan ikkita turda g‘alaba qozongan sloveniyalik Anton Demchenkoni taslim etdi. Eronlik Parham Maqsudlu qora donalarda harakat qilganiga qaramay fransiyalik Alireza Firuzdjani mag‘lub etishni uddalab, yakka peshqadamga aylandi.

Turnirning xotin-qizlar musobaqasining 3-turida hamyurtimiz Gulruhbegim Tohirjonova 2 ta turdagi mag‘lubiyatdan keyin 3-turda qora donlarlarda Belen Barrera Gomesni yengib, g‘oliblikni tantana qildi.

Afruza Hamdamova, Guldona Karimova, Madinabonu Xalilova kuchli raqibalari bilan durangga erishdi. Umida Omonova ushbu turda ukrainalik Anna Usheninaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun, 7 sentyabr kuni xalqaro turnirning 4-turida shaxmatchilarimizni yanada qiziqarli bahslar kutib turibdi.

Ayniqsa, bugun hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov va turnir jadvali yetakchisi eronlik Parham Maqsudlu o‘rtasidagi uchrashuv turnirning markaziy o‘yinlaridan biri bo‘lishi shubhasiz.

Eslatib o‘tamiz, “Grand Swiss-2025” turnirida g‘olib va sovrindorlikka erishgan 2 nafar erkak va 2 nafar ayol shaxmatchi jahon shaxmat toji uchun kechadigan “Talabgorlar turniri” yo‘llanmasiga ega chiqadi.

Musobaqaning so‘nggi 11-tur o‘yinlari 15 sentyabr kuni tashkil etiladi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA