Samarqandda davom etayotgan “Grand Swiss-2025”ning ortda qolgan 7-turidan keyin germaniyalik Matias Blyubaum va hindistonlik Nihal Sarin 5,5 ochko bilan yetakchiga aylanib oldi.
Yakunlangan 7-turda o‘tgan to‘rtta turda turnirda peshqadamlikni saqlab kelgan eronlik Parham Magsudlu musobaqada ilk bor mag‘lubiyatga uchradi. Oq donalarda harakatlangan hindistonlik Nihal Sarin Eron shaxmatchisi 42-yurish holatida katta ustunlikka ega bo‘ldi va g‘alabani tantana qildi.

Turnirda g‘oliblikka da’vogarlardan bo‘lgan hindistonlik Arjun Erigaysi oq donalarda o‘yinni olib borganiga qaramasdan bir necha bor qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishi oqibatida germaniyalik Mattiasu Blyubaumga imkoniyatni boy berdi.
Jahon chempioni Dommaraju Gukesh oq donalarda turkiyalik Ediz Gyurelga o‘yinni boy berishi ortidan turnirda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlikdan mosuvo bo‘ldi.

Ushbu turda O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov eronlik Amin Tabatabini mag‘lub etdi. Xuddi shuningdek, turnirning birinchi raqamli ishtirokchisi sifatida tasniflangan Rameshbabu Praggnanandxa isroillik Maxim Rodshteynni yengganligi uni kuchlilar qatorida hali o‘rni borligini ko‘rsatdi.
Hamyurtlarimizdan Nodirbek Yoqubboyev fransiyalik Alireza Firuzjaga mag‘lub bo‘lgan vaziyatda Javohir Sindorov, Abdumalik Abdusalimov, Jahongir Vohidov raqiblarini dog‘da qoldirishga erishdi. Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov durang qayd etdi. Ortiq Nig‘matov va Muhammadzohid Suyarov ushbu turda ochko yo‘qotdi.

Xotin-qizlar guruhida hindistonlik Vaishali Rameshbabu 7-turda oq donalarda xitoylik Guo Qini yengishi natijasida 6 ochko bilan yetakchiga aylanib oldi.
Hamyurtimiz Afruza Hamdamova 7-turda ayollar o‘rtasida 2015 yilgi jahon chempioni ukrainalik Mariya Muzichuk qarshiligini yengib o‘ta olmadi. Terma jamoamiz a’zolari Umida Omonova va Madinabonu Xalilova Hamdamova “yo‘lidan” yurgan bo‘lsa, Gulruhbegim Tohirjonova va Guldona Karimova raqiblari bilan murosa yo‘lini tanladi.

Bugun, 12 sentyabr kuni mukofot jamg‘armasi 855 ming AQSH dollaridan iborat turnirning 8-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Unda hozirda 5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 6-o‘rinda borayotgan Nodirbek Abdusattorov AQSH vakili Abhimanyu Mishra bilan, ayollar guruhida 4 ochko bilan 16-pog‘onani band etgan Afruza Hamdamova armanistonlik Yelena Danelyan bilan kuch sinashadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA