English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Grand Swiss-2025”: Abdusattorovning sovrindorlar qatoridan joy olish imkoniyati mavjudmi?
10:45 / 2025-09-15

Bugun, 15 sentyabr kuni Samarqandda qizg‘in kurashlar ostida o‘tayotgan “Grand Swiss-2025” turnirining g‘olib va sovrindorlari, 2026 yilgi jahon chempionati nomzodlar musobaqasida ishtirok etadigan shaxmatchilar nomi aniqlanadi.

Mukofot jamg‘armasi 855 ming AQSH dollaridan iborat nufuzli musobaqaning kecha poyoniga yetgan 10-tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, 5 nafar nomdor grossmeyster 7 ochko jamg‘argan holda sovrinli o‘rinlarga da’vogarligini tasdiqladi.

10-turda germaniyalik Vensent Keymer hamyurti Mattiasu Blyubaum bilan, fransiyalik Aliriza Firuzja niderlandiyalik Anish Giri bilan murosa yo‘lini tanlashi hamda amerikalik Xans Moke Niyeman turnirning birinchi raqamli shaxmatchisi Rameshbabu Praggnanandxani mag‘lub etib, sovrinli o‘rinlarga da’vogarlar safidan mosuvo etishi ortidan 7 ochko bilan g‘oliblikka nomzod ekanliklarini amalda isbotladi.

Keyingi o‘rinlardan joy olgan 9 nafar ishtirokchi 6,5 ochko bilan da’vogarlarni taqib etayotgan bo‘lsa, ular orasida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham borligi e’tiborli.

Kecha o‘tgan 10-tur bahsida Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Nihal Saringa qarshi  o‘tgan murakkab o‘yining 53-yurish holatida durangga erishdi.

Xo‘sh, 11-tur uchrashuvlari ostonasida 6,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga kuchli o‘nlikda harakatlanayotgan hamyurtimiz Abdusattorovda sovrinli o‘rinlardan joy olish imkoniyati mavjudmi?

Bugun, 15 sentyabr kungi so‘nggi turda kim-kim bilan qarshi kelayotganligi hamda ortda qolgan 10 ta turdagi natijalar tahliliga e’tibor qaratsak, N. Abdusattorovning turnir g‘olibiga aylanish imkoniyati nolga teng. Ammo sovrinli o‘rinlardan birini egallash uchun juda ham kichik imkoniyati saqlanib turibdi.

Buning uchun 11-turda 7-ochkoga ega shaxmatchilardan Aliriza Firuzja Mattiasu Blyubaumni, Anish Giri Xans Moke Niyemanni mag‘lub etishi, Vensent Keymer 6,5 ochkoli hindistonlik Arjun Erigaysi bilan murosa yo‘lini tanlashi va albatta Nodirbek amerikalik 22 yoshli Evonder Lyanni mag‘lub etishi, shu bilan birga hamyurtimiz singari 6,5 ochkoga ega qolgan ishtirokchilar mazkur turda darang holatida o‘yini yakunlashi kerak bo‘ladi.

Bunday vaziyatda, “Grand Swiss-2025”ning oxirgi kungi qarama-qarshiliklari biz istaganimizdek intiho topishi murakkab masala. Lekin shaxmatda har ish amalga oshishi mumkinligidan kelib chiqilsa, natijalar biz kutganimizdek yakunlanishi ham ehtimoldan yiroq emasdek, nazarimizda.

Ayollar musobaqasida mahoratli shaxmatchi qizimiz Afruza Hamdamovaning 7 va 9-turlarda ukrainalik opa-singil Anna va Mariya Muzichuklarga imkoniyatni boy berishi, 10-turda qozog‘istonlik Meruyert Kamalidenova bilan teng kelishi uni sovrinli o‘rinlarga da’vogarlar qatoridan chiqib ketishiga olib keldi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslardan hindistonlik Vaishali Rameshbabu va FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan Katerina Lagno 7 ochko bilan turnirda yetakchilik qilmoqda. Ularni taqib etayotgan 3 nafar shaxmatchi qizda 7, 2 nafarida 6,5 ochko mavjud. Sovrinli o‘rinlar uchun kurash aynan ular o‘rtasida kechadi.

Bugun Katerina oq donalarda 7 ochkoga ega xitoylik Tan Chongyu bilan, Vaishali qora donalarda 6,5 ochko bilan 6-o‘rinda borayotgan ozarbayjonlik Ulviya Fataliyeva bilan kuch sinashadi. 7 ochko bilan 3-o‘rinda joylashgan qozog‘istonlik Bibisora Asoubayeva so‘nggmi turda  Anna Muzichuk qarshiligini yengishga harakat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, “Grand Swiss-2025” turnirining erkaklar guruhida 1-o‘rinni egallagan shaxmatchi 90 ming AQSH dollari bilan taqdirlansa, ayollar musobaqasida g‘olib chiqqan ishtirokchi 40 ming AQSH dollariga ega chiqadi. Shuningdek, erkaklar guruhida 50-pog‘onagacha, ayollar guruhida 23-o‘ringacha qatorlardan joy olganlar mukofot jamg‘armasi holatida pul mukofotlariga ega chiqadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA