Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ozg‘onda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
11:38 / 2021-06-12

Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahar hokimligida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari Zafar Azimovning G‘ozg‘on shahri yoshlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Har qanday davlatning kelajagini, albatta ma’nan yetuk, intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yoshlar belgilaydi. Chindan ham yoshlarga e’tibor mamlakat kelajagiga e’tibordir. Ayniqsa, bugungi kunda ularning qiziqish, intilish va muammolarini chuqur o‘rganish dolzarb masalalardan biriga aylandi. “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi tomonidan yoshlar bilan tashkil etilgan uchrashuv ham ana shu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan.

Ochiq muloqotda muttasadilar sanoat va iqtisod sohasidagi islohotlar, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan ezgu tashabbuslar, yoshlarga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar haqida alohida to‘xtaldi.

Samimiy suhbat yoshlarni qiziqtirgan savollarga ulanib ketdi. Savollar yigit-qizlarning tadbirkorlikni boshlash ko‘nikmalarini shakllantirish, boshlang‘ich moliyaviy ko‘mak olish shartlari, bandlik va boshqa dolzarb masalalar haqida bo‘ldi. 20 yaqin murojaatning ijobiy hal etilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

– O‘zim kashtachilik bilan shug‘ullanaman, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Oysha Rustamova. – Tayyor mahsulotlarimni Turkiya davlatiga eksport qilishni rejalashtirganman. Ammo buni amalga oshirish uchun yetarli ko‘nikmalarim yo‘qligi bois bugungi uchrashuvda rahbarlarga murojaat qildim. O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi tomonidan ushbu tashabbusim qo‘llab-quvvatlanib, tegishli tavsiyalar berildi.  

Tadbir so‘ngida bir guruh “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarga zamonaviy maishiy texnika vositalari, payvandlash uskunalari va estalik sovg‘alari berildi.

Uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar inobatga olinib, yo‘l xaritalari ishlab chiqildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA