Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahrida “Guliston” va “Shayxon” mahalla fuqarolar yig‘inlari binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda sektorlar, korxona va tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar, yoshlar va mahallalar faollari ishtirok etdi.
Unda yurtimizda mahalla institutini yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi, ulkan bunyodkorlik ishlari haqida so‘z borib, olib borilayotgan barcha ezgu ishlar, avvalo, xalqimiz roziligi, inson qadri uchun xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
“Guliston” mahallasini qurish ishlari “Navoiy maxsus suv pudrat” MCHJ tomonidan amalga oshirilib, 791,6 million so‘m mablag‘ sarflandi. Binoda xodimlarning faoliyat olib borishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
– Mahallamizda 664 oilada 2223 kishi istiqomat qiladi, – deydi mahalla raisi Emin Jumayev. – Islohotlar bois mahallamizda 1,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga 3 km yo‘l asfalt qilindi. “HAMKOR INVEST PRESTIJ” MCHJ tomonidan 193,5 million so‘m mablag‘ evaziga 1,4 km suv quvuri tortildi. Shuningdek, 10,8 km elektr energiyasi tarmog‘i tortilib, 270 ta tayanch o‘rnatildi va 1 ta yangi transformator qurildi, 3 ta transformator ta’mirlandi. 11-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital, 120 ta yakka tartibdagi uy-joylar ta’mirlandi.

Zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan va barcha sharoitlarga ega “Shayxon” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi mahalla ahli uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
2197 nafar aholi istiqomat qiladigan mahallada umumiy qiymati 778,8 million bo‘lgan mahalla binosi “Navoiy omad qurilish invest” MCHJ quruvchilari tomonidan qurib, foydalanishga topshirildi.

Hududda 4,8 km asfalt, 2 km beton hamda 3,6 km tuproq yo‘l shag‘allashtirilgan bo‘lsa, 1,3 km piyodalar yo‘lagi qurib bitkazildi. Bu maqsadlar uchun 4,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

– bugungi kunda amalga oshirilayotgan har bir islohot zamirida birinchi navbatda aholini rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash yotganligini har bir fuqaro his qilmoqda, – deydi mahalla raisi Jamol Sharipov. – Buni mahallamizda olib borilayotgan bunyodkorlik va ko‘kalamzorlashtirish ishlaridan ham ilg‘ash qiyin emas. Hududimizda 10,6 km suv quvuri, 10,4 km havo elektr uzatish tarmog‘i tortilib, 2 ta transformator ta’mirlandi, 2 ta yangi transformator va 312 ta beton tayanch o‘rnatildi. 180 ta yakka tartibdagi uy-joylar tartibga keltirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA