Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ozg‘on shahri: barchasi aholi farovonligi uchun
11:45 / 2024-06-19

Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahri tashkil etilganiga besh yil bo‘ldi.

Prezidentimiz 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida G‘ozg‘on qo‘rg‘onida ham bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha bir qator topshiriqlar bergan edi. Faollar bilan uchrashuvda esa G‘ozg‘onga shahar maqomini berish taklifini ilgari surdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2019 yil 3 maydagi qaroriga muvofiq, Navoiy viloyatida G‘ozg‘on shahri tashkil etildi. O‘tgan davr mobaynida hududda bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari va sanoat korxonalari ishga tushdi. Yangi ish o‘rinlari yaratildi. G‘ozg‘on tom ma’noda qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yerda ijtimoiy soha va boshqaruv ob’ektlari qurilishi davom etmoqda.

– Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra 49 o‘rinli ixchamlashtirilgan shifoxona qurilmoqda, – deydi shahar hokimi Azim Bozorov. – Buning uchun joriy yilda 6,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Hozirda 1- va 3-bloklarda tashqi qurilish ishlari, 2-blokda esa kotlovan qazish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, shahar hokimligi binosi qurilishi ham boshlangan. Bu binoda hokimlikdan tashqari, barcha tashkilotlar uchun joy ajratiladi. Hokimlik yonidan shahar prokuraturasi binosi qurilmoqda. Xullas, bugungi kunda shahar hududida keng ko‘lamdagi qurilish ishlari olib borilmoqda.

[gallery-17901]

Ayni paytda shaharda qurilish ishlaridan tashqari, infratuzilmani yanada yaxshilash borasida muayyan ishlar boshlangan. Jumladan, G‘ozg‘on shahrida sanoat korxonalarining uzluksiz ishlashi va yangi rejalashtirilgan loyihalarni zarur bo‘ladigan elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida quvvati 25 mVT bo‘lgan 2 ta transformatorli nimstansiya va 12 kilometr uzunlikdagi 2 zanjirli 110 kVT quvvatli elektr tarmog‘i qurilmoqda. 

“Marmarobod” MFY “Osiyo” ko‘chasidagi aholi xonadonlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 7,5 kilometr tarmoq tortilmoqda. “Tumar” MFY hududida sug‘orish ishlarini amalga oshirish, 2-umumta’lim maktabini suv bilan ta’minlash maqsadida yer osti tik quduqlari qazish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Shuningdek, “Tumar” MFY hududidagi 1,7 kilometr, “Marmarobod” MFY hududidagi 1,05 kilometr ichki yo‘llarni asfaltlash, “Shayxon” MFYdagi konlarga boruvchi 25 kilometr ichki yo‘llarni tuproqdan shag‘al yo‘lga o‘tkazish ishlari bajarildi. “Marmarobod” MFY “Osiyo” ko‘chasidagi 4K388 “b” avtomobil yo‘lining 1 kilometr qismi joriy ta’mirlandi. 

Bugungi kunda shaharda oqova suv ob’ektlarini qurishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Maxsus qurilish montaj” MCHJ tomonidan 13 milliard 362,3 million so‘m mablag‘ evaziga kanalizatsiya tarmoqlari qurildi. Hozirgi kunda ob’ektda sinov ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, G‘ozg‘on shahrini Nurota tumanidan alohida Zirabuloq magistral gaz quvuriga bog‘lash uchun qurilish ishlari olib borildi. 
Xullas, bugun shaharda aholining farovon yashashi uchun barcha qulayliklarni yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, qurilish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari