Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Go‘zallikdan — san’at asarigacha: liboslar dizaynerlarining ustozi
10:34 / 2022-10-08

Ustozlik — eng oliy maqom. Bu maqomga erishish uchun insondan metin iroda, tog‘dek sabr, fidoyilik va jonkuyarlik hamda katta mas’uliyat talab etiladi. Zero, ustozlarning fidoyiligi va o‘rgangan ilmi bilan yosh avlod kamolga yetadi, ma’lum bir sohaning egasi bo‘lib chiqadi. Shuning uchun ham har bir sohaning zamirida ustozdan olingan bilim va tajribalar yotadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 sentyabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan bir qator ta’lim fidoyilari turli darajadagi davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldilar.

Bunday yuksak e’tirofga, e’tiborga loyiq deb topilgan ta’lim sohasining har bir vakili yurtimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisidir. Ular o‘quv-tarbiya jarayonida milliy va ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llagan holda, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etib, o‘quvchilarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatib kelmoqda. O‘g‘il-qizlarimizning intellektual salohiyatini, tafakkurini, kasb-hunarlar bo‘yicha ko‘nikmalarini yuksaltirishga hissa qo‘shayotir.

Ular orasida P.Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabining liboslar dizayni fani o‘qituvchisi Gulchehra Alimova ham bor. 

“Tarixiy – teatr liboslari san’ati” kafedrasi mudiri Gulchehra Alimova dizaynerlik yo‘nalishida yoshlarga berayotgan bilimi, ilg‘or tajribalari, sohadagi yutuqlari inobatga olinib, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. U davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan bu yuksak ehtiromni sharaf va mas’uliyat deb biladi.  

—  Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan taqdirlanganimdan juda mamnun bo‘ldim, — deydi G.Alimova. — Bu birgina mening yutug‘im emas, balki butun jamoamizning, maktabimizning yutug‘idir. Chunki bunda jamoadoshlarimning ham katta hissasi bor. Barchamiz birgalikda ishlaymiz, yangi metodikalar ustida ish olib boramiz. Hozirda yangi darslik yaratish ustida ish olib boryapman. Qolaversa, ko‘rgazmalar, liboslar namoyishini tashkil etish, yangiliklar yaratish ustida izlanyapmiz. Bu bilan shogirdlarimizning o‘z kasbiga bo‘lgan mehrini, qiziqishini oshirishni maqsad qilganmiz. Maktabimiz o‘quvchilarini doim san’at, ijod yo‘nalishida fidoyi bo‘lishga, o‘z ustida muntazam ishlashga, yangi asarlar yaratishga chorlaymiz. Albatta, ularning bugun olayotgan bilim va ko‘nikmalari katta hayot yo‘lida yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq bo‘ladi. Davlat mukofoti yoshlarga berayotgan ta’lim-tarbiyamizda bizga yanada kuch bag‘ishlaydi hamda o‘z ishimizga nisbatan mas’uliyatimizni oshiradi, o‘quvchilarimizga bo‘lgan e’tiborimizni yanada kuchaytirishni taqozo etadi, — deydi Gulchehra Alimova.

Dizaynerlik — go‘zallik va nafislik, yo‘qdan bor qilib go‘zallik yaratish, nozik did bilan ishlash, o‘zaro uyg‘unlikdagi san’at asarini yuzaga chiqarishdir. Buning uchun insonda yuksak mahorat va iqtidor bo‘lishi lozim. U doim go‘zallikni his qila olishi, har bir ishga ijodiy yondasha bilishi zarur.  

Gulchehra Alimova ham shogirdlariga rahbarlik qilib, ular bilan birgalikda san’at asari darajasidagi liboslarni yaratishadi. Ana shunday namunalar bilan ko‘plab tanlov, festival va moda haftalikarida ishtirok etib, yuzdan ortiq liboslarni namoyish qilib kelmoqda. Jumladan, shu yil bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan Fashion Week-2022” moda haftaligida turli tarixiy hamda teatrga mo‘ljallangan liboslar bilan qatnashib, sovrinli o‘rinlarga munosib bo‘ldilar.

Bundan tashqari, 2022 yili san’at haftaligida ishtirok etib, oltin medal bilan taqdirlandi. Gulchehra Alimova rahbarligidagi o‘quvchilar yaratgan kolleksiyalar xalqaro ko‘rgazma va tanlovlarda ham alohida e’tirof etilib, yuqori natijalarga sazovor bo‘lgan.

Masalan, Rossiya (Sankt-Peterburg) va Italiya (Milan)da o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda maktab o‘quvchilari ustozlari bilan yaratgan liboslarini namoyish qilib, yuqori o‘rinlarni egallab qaytdilar.

Ustoz uchun shogirdlarining yuksak natijalari eng katta mukofotdir. Gulchehra Alimova ham shogirdlari, maktab o‘quvchilarining yutuqlaridan doim quvonib, faxrlanib yuradi. Maktab bitiruvchilarining barchasi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgani, ko‘rgazma va festivallarda yuqori o‘rinlarga munosib ko‘rilayotgani unga sharaf va faxr tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.  



Muhtarama Komilova, O‘zA