Ayol borki olam munavvar, ayol borki, hayot go‘zal va maftunkor. Ayollarni, qizlarni bahorga qiyoslashadi. Go‘zallik, nafosat, yangilanish, hayot davomiyligi bahor va ayol tushunchalarida uyg‘unlashib ketadi.
Shu ma’noda yurtimizda bahoriy kayfiyat ufurib turgan ko‘klamning ilk kunlarida nishonlangan xotin-qizlar bayram – xalq sayli tarzida o‘tkazildi.

Andijonda Bobur shahrida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri hamda konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Erta tongdan bayram tadbiriga tashrif buyurgan onaxonlar, viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojida faol qatnashib, hayotimizning turli jabhalarida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan latofatli opa-singillar, mehmonlar gullar bilan kutib olindi.
Dunyo ko‘rki, Sizdan olmish andozalar,
O‘zbegimning bekalari – xonzodalar,
Uyimizning farishtasi – ozodalar,
Nurday toza, gulday nozik xayollari,
Nazokatli o‘zbegimning ayollari.
Bor go‘zallik, husn – chiroy Cizda asli,
Oftoblar ham Sizni shirmoy yuzda asli,
Jannat yo‘li, Sizlar bosgan izda asli,
Zulfi gavhar, kokili zar – zilollari,
Nafosatli o‘zbegimning ayollari.
Ana shunday go‘zal she’riy satrlar bilan boshlangan bayram tadbiri ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov opa-singillarimizni bayram bilan muborakbod etib, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan ekanligi, Prezidentimiz tashabbusi bilan bu borada yurtimizda e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Bugun vatanimiz taraqqiyoti, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim o‘rin va mavqega ega. Bayram tadbirida mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘rni, roli va nufuzi tobora ortib borayotganligi, opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bayram tadbirida barcha tuman va shaharlar, boshqarmalar, viloyat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, mahallalar vakillari bo‘lgan minglab andijonliklar ishtirok etib, namoyish etilgan badiiy dasturlardan bahramand bo‘ldi.


Yurtimizning sevimli va taniqli san’atkorlari Rayhon G‘aniyeva, Ulug‘bek Rahmatullayev, Nilufar Usmonova, Bunyodbek Saidov hamda so‘z ustasi Avaz Oxun ishtirok etgan gala-konsertda ijro etilgan bahor, ayol, uning baxti, yurt madhi, tinchlik, sevgi va sadoqatni madh etuvchi raqs, kuy va qo‘shiqlar, chiqishlar barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
Viloyatning barcha go‘shalarida xotin-qizlar bayrami tadbirlari davom etmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.