FOTOREPORTAJ
Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism Madaniyat markazida “Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostida “Balli, ayollar!” ko‘rik-tanlovining Sharqiy harbiy okrug bosqichi o‘tkazildi. Tanlovda asosiy e’tibor harbiy xizmatchilar oilalari o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlash, ayollarning salohiyatini namoyon etish hamda ularning ijodiy va intellektual imkoniyatlarini rivojlantirish masalalariga qaratildi.
Harbiy xizmatchilar oilalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ommalashtirish va axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan eng namunali harbiy oilalar bekalarini aniqlash maqsadida tashkil etilgan musobaqada okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalardan saralangan 8 nafar ishtirokchi bellashdi.
Tanlov ishtirokchilari dastlab “Men baxtiyor ayolman” shartida o‘z hayotiy qarashlari, baxt tushunchasi va shaxsiy hayotdagi muvaffaqiyatlari haqida so‘zlab berdilar. “Mohir Bekajon” shartida ishtirokchilarning pazandalik mahoratlari sinovdan o‘tdi. “Ayol – go‘zallik timsoli” deb nomlangan shartda esa ishtirokchilar o‘zlarining go‘zallik, did, estetik qobiliyatlarini namoyish etib, zamonaviy va milliy uslubda imijlarni yaratishdi.
[gallery-21804]
Tanlov yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA