English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Go‘zal qalbli insonlar
17:42 / 2021-12-07

Xotin-qizlar, munis opa-singillarimizni ardoqlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning milliy fazilatlaridan sanaladi. Mustaqillik yillarida ayni sohadagi ezgu amaliy sa’y-harakatlar yangicha ma’no-mazmun bilan boyidi. Ayollarga hurmat va ehtirom ko‘rsatishga doir ishlar hajmi yangi bosqichga ko‘tarildi.

Keyingi yillarda ayollarni ardoqlash, jamiyatda gender tengligini ta’minlash yuzasidan hayotga keng joriy etilayotgan tashabbuslar tobora yangilanib borayotgan O‘zbekistonimizdagi islohotlarga monand tarzda olib borilmoqda.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida taniqli olima, mamlakatimizning faol va tashabbuskor, izlanuvchan  ayollaridan biri, siyosiy fanlar doktori, «Olima ayol» uyushmasining Toshkent shahar bo‘limi rahbari E’tibor Sultonova muallifligida yaratilgan «Go‘zal qalbli insonlar» nomli kitob taqdimotida shu haqda so‘z yuritildi.

Kitob jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlanadi.      

Mamlakatimizdagi eng yetakchi oliy ta’lim dargohining ayol ustoz va murabbiylari, olimalariga bag‘ishlangan ushbu kitobning taqdimoti bejizga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi arafasida bo‘lib o‘tmadi. Zero, opa-singillarimizning, umuman ayollarning islohotlar jarayonidagi faolligini kuchaytirish, ularning jamiyat  hayotidagi o‘rni va mavqeini  oshirish masalasi Bosh Qomusimizda ustuvor o‘rin egallaydi.        

Tadbirda ta’kidlanganidek, azaldan jahon sivilizatsiyasiga beshik bo‘lgan diyorimiz Birinchi va Ikkinchi Renessans  davrida dunyoga ko‘plab buyuk allomalar, mutafakkirlar, olimlarni yetkazib berdi. Shu bilan birga,  Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy singari ma’rifatparvar jadid bobokalonlarimiz millatimizni hamisha bilimli, teran tafakkurli, yuksak ma’naviyat sohibi bo‘lishini orzu qilganlar. Ayni ezgu orzu yo‘lida umrini fido etganlar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida yangilanayotgan jonajon O‘zbekistonimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish jarayonida bilim va ma’rifatga, yoshlarni yuksak tafakkur sohibi  etib tarbiyalashga, ta’lim sohasiga, ustoz va murabbiylarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.          

Mehribon va izlanuvchan E’tibor opa Sultonova ellik yillik umrini ilm-fanga baxshida etgan  fidoyi ayoldir. Istiqlolning dastlabki yillarida olima opamiz tomonidan  himoya qilingan «Ayol davlat strategiyasida global muammo sifatida» nomli doktorlik ishi bugun naqadar dolzarbligini zamonning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

[gallery-4981]

E’tibor opa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tamal toshi qo‘yilganidan buyon ushbu nufuzli oliy ta’lim dargohida yoshlarga siyosatshunoslik bilan birga insoniylik, fidoyilik sabog‘ini berib kelmoqda.

«Go‘zal qalbli insonlar» deb nomlangan yangi kitob mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan yangilanish jarayonlari, bunda ustoz va murabbiylarning o‘rni, ularga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va e’tibor haqida hikoya qiladi.

Shu bilan birga, mazkur kitobda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida uzoq yillar davomida pedagogik, ilmiy-ma’rifiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan ayol o‘qituvchilar, olimalar, ularning ilmiy izlanishlari, shogirdlar tayyorlashdagi mahorati haqida batafsil hikoya qilinadi. Jumladan, yuridik fanlari doktori Surayyo Odilxo‘jayeva, rus tili kafedrasi dotsenti Galina Rahmatullayeva, matematika fani bo‘yicha  talabchan ustoz, professor Gulnora Raimova, iqtisod fanlari nomzodlari Umida Sharipova, Laylo Toshpo‘latova kabi mehridaryo pedagog-olimalarning zahmatli mehnati, mashaqqati, ilmiy faoliyati sodda, hayotiy va ravon tarzda o‘zbek va ingliz tillarida bayon etilgan.

“ART VERNISSAQE”  nashriyoti tomonidan chop etilgan ushbu kitob o‘quvchilarga manzur bo‘lishiga shubha yo‘q. 
                                                                         
 

Nazokat Usmonova, O‘zA