Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani “Guliston” ovul fuqarolar yig‘ini “Alijon” fermer xo‘jaligida g‘o‘zani sug‘orish va yagonalashni to‘g‘ri, sifatli amalga oshirishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimligi, qishloq xo‘jaligi bo‘limi, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, paxtachilik klasterlari, tegishli tashkilotlar hamda paxta g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokidagi tadbirda iyul oyida bajariladigan yumushlar hosil cho‘g‘ining yuqori va sifatli bo‘lishi haqida so‘z bordi.
G‘o‘zaning yagonalash usuli o‘ta muhim agrotexnik tadbir hisoblanadi. Mazkur tadbir o‘z muddatida va sifatli amalga oshirilganda, hosil to‘kilishining oldi olinishi, to‘liq ko‘saklarning ko‘proq shakllanishi va erta pishib yetilishi, hosildorlikning gektariga 3-4 sentnerga ortishi va tola sifatining yuqori bo‘lishi ilmiy tadqiqotlarda va ilg‘or paxtakorlarning amaliy tajribalarida isbotlangan.
Tadbirda tumandagi 296 fermer xo‘jaligidagi jami 9537 gektar maydondagi g‘o‘zani sug‘orish va yagonani to‘g‘ri, sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar, mas’ul soha rahbarlariga bu borada muhim topshiriqlar berildi. G‘o‘zaning vegetativ massasi qancha katta bo‘lsa, o‘simlikka tuproqdan oqib kelayotgan ozuqa moddalari ko‘proq o‘suv shoxlari va barglarda to‘planadi, shonalar, gullar va ko‘saklarga kamroq yetib keladi. Bu esa hosil elementlarining to‘kilishiga, ko‘saklarning to‘liq yetilmasligiga, ularning ochilishi kechikishiga, hosilning kamayishiga va tola sifatining pasayishiga olib keladi. G‘o‘zaning g‘ovlab ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, ozuqa moddalarni o‘simlikning generativ organlariga oqib kelinishini jadallashtirish, ko‘saklar paydo bo‘lishi va ularning yetilish jarayonlarini tezlashtirish, mo‘l va sifatli paxta hosilini yetishtirish uchun, albatta, qayd etilgan ishlarni o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
Seminar yakunida “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi yoshlarga moto-kultivatorlar topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri