Chigit ekilgan maydonlarda g‘o‘za qator oralariga ishlov berish paxtachilikda alohida ahamiyatga ega.
Ushbu tadbir sifatli bajarilmasa, ko‘chat bir tekis o‘smaydi. Dalada nihollar nimjon bo‘lib, kasalliklarga chalinuvchi hamda zararkunandalar bilan zararlanishga moyil bo‘lib qoladi.
Buxoro viloyatida ham bu jarayonlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birgina Romitan tumanida ikkinchi kultivatsiyalash ishlari davomida kimyoviy oziqlantirish ham belgilangan reja asosida olib borilmoqda. Bu ishga 300 taga yaqin texnikalar jalb etilgan.

– Bugun tumanda 10 ming 872 gektar maydonga chigit qadalgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya” ning Romitan tumani bo‘limi mutaxassisi Iso Mavlonov. – Shundan 6,5 ming gektari paxtachilik klasteri hissasiga to‘g‘ri keladi. Barcha dalalarimizda g‘o‘za qator oralariga ishlov berishda ammofos va korbamid bilan oziqlantirish jarayonlarini ham nazorat qilib boryapmiz. 242 nafar fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi 4 ming 372 gektar maydon ham bugun ikkinchi kultivatsiyadan chiqarib bo‘lindi. Texnikaning mavsum oldidan to‘liq shayligi ta’minlangani ham ishlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan joylardagi g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi ustidan nazorat olib borilmoqda. Viloyatda g‘o‘za maydonlarini chopiq qilish, yaganalash ishlari ham belgilangan tartib asosida davom etayotir.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri