Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘o‘za parvarishidagi mas’uliyatli palla
19:12 / 2025-07-26

Iyul oyi paxtachilikda hal qiluvchi bosqich hisoblanadi. Agrosanoat sohasida har bir tadbir o‘z vaqtida va texnologik talablarga muvofiq amalga oshirilsa, yil yakunida kutilgan natijalarga erishish mumkin. Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

–   Joriy yilda tumandagi fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar tomonidan jami 9 400 gektar yer maydonida g‘o‘za parvarish qilinmoqda, –   deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Sayxunobod tuman bo‘limi rahbari Elmurod Murodqosimov. –  8 500 gektar yerga asosiy chigit, 900 gektarga esa qo‘shimcha chigit ekilgan. Har bir bosqichda mas’uliyatni oshirish, agrotexnik tadbirlarning to‘liq bajarilishini ta’minlash maqsadida qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, g‘o‘za parvarishi jarayonida qator oralariga ishlov berish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kimyoviy hamda biologik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilgan. Xususan, har bir gektar yerga o‘rtacha 200 kilogramm mineral o‘g‘it berilib, bir necha marotaba insektitsid va gerbitsid vositalari qo‘llanilgan.

Iyul oyida ob-havo sharoiti va suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha sug‘orish ishlari tashkil etildi. Bu esa o‘sish jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Buning natijasida ayrim joylarda paxta gullagan, ba’zi maydonlarda esa ilk shona ko‘rina boshlagan.

–   Yanvar-iyul oylari davomida tumanda 33 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 34 ta yozma ko‘rsatma, 3 ta taqdimnoma va 51 ta ogohlantirish xati rasmiylashtirildi. Bitta holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzilib, tegishli huquqiy chora ko‘rish uchun sud organlariga yuborildi, –   deydi Elmurod Murodqosimov. –   Bunday yondashuv orqali qonunchilik talablariga rioya etilishiga erishilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, har bir fermer xo‘jaliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatilgan, agrotexnik ko‘rsatmalar va amaliy maslahatlar o‘z vaqtida berilmoqda.

–   Inspeksiya faoliyatining asosiy maqsadi — fermerlarga jazo qo‘llash emas, balki hosildorlikni oshirishga yordam berish, mavjud muammolarni bartaraf etishdan iborat, –   deydi u.

Sayxunobod tumanida g‘o‘za parvarishidagi rejali ishlar, nazorat tadbirlari va agro mutaxassislar bilan hamkorlikdagi sa’y-harakatlar orqali yil yakunida yuqori hosil olish kutilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri