Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘o‘za parvarishida muhim palla
19:38 / 2023-08-21

Avgust g‘o‘za yetishtirishda muhim palla hisoblanadi. Boisi bu oyda g‘o‘za hosiliga hosil qo‘shiladi. Chigit unib chiqqandan so‘ng 40 kundan ziyod chillaga solinadi, ya’ni faqat qator oralariga ishlov beriladi, sug‘orilmaydi. G‘o‘za ildizi nam izlab yerga chuqur kiradi. Bu esa kelgusida uning hosildor bo‘lishini ta’minlaydi. Shundan so‘ng mineral o‘g‘it berilib izdirib sug‘oriladi. Shu kundan boshlab g‘o‘za baravj o‘sa boshlaydi. Endilikda o‘g‘itlashni ham, sug‘orishni ham, ishlovni ham kechiktirib bo‘lmaydi. Ayni mana shu ishlar avgust oyiga to‘g‘ri keladi. Shu oyda qilingan agrotexnik tadbirlar hosildorlik garovi hisoblanadi.

Qashqadaryo viloyati paxta yetishtirish borasida respublikada yetakchi o‘rinda turadi. Jumladan, viloyatning Shahrisabz tumanida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari ham bu yilgi mavsumni ijobiy yakunlash uchun puxta hozirlik ko‘rmoqda.  

Tumanda joriy yilda 202 fermer xo‘jaligi tomonidan 4 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Ular 2023 yil hosili uchun hududdagi “Oqsaroy” klaster MCHJ bilan kontraktatsiya shartnomalarini imzolagan.  

Tumanning Chorshanbe massivi “Temirchi” mahallasida faoliyat yuritayotgan “Xudoyqulova Nazira Bozorovna” fermer xo‘jaligi rahbari Nazira Xudoyqulova ham tumandagi yetakchi fermerlardan. Sochlari dalada oqargan, umrining salkam 25 yilini paxta dalalarida o‘tkazgan fermer o‘z tajribalariga tayanib, har yili paxtadan 45-50 sentnergacha xirmon ko‘taradi. Bu yil ham hosildan umidi katta.  

– Xo‘jaligimizning umumiy yer maydoni 42 gektar bo‘lib, shundan 17 gektari paxta, – deydi 64 yoshli fermer Nazira Xudoyqulova. – Bahorgi injiq ob-havo salgina qo‘rqitib qo‘ydi. 15 mart kuni chigit ekkanmiz. Ko‘pchilik dalalardagi ko‘kargan g‘o‘zalarni sovuq urib ketdi. Shukrki bizniki qoldi. “Namangan-77” navini ekkanmiz. Ayni kunlarda ishlar juda qizg‘in. Shu kunga qadar kerakli agrotexnik tadbirlarni vaqtida olib borib, uch marta o‘g‘itladik. Suv vaqtida quyilmoqda. Nasib bo‘lsa, qilingan mehnatlarimiz o‘zini oqlab, birinchilar qatorida rejani bajarishni maqsad qilganmiz.  

G‘o‘za parvarishida mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlash, vaqtida sug‘orish muhim ahamiyat kasb etadi. Kun issig‘ida g‘o‘za tez suvga keladi. Bu esa doimiy suvni talab qiladi. Buni yaxshi anglagan tuman fermerlari bugungi yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘z dalasida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilmoqda.  

Ta’kidlash lozimki, 2023 yilda  suvni iqtisod qilish uchun suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha Shahrisabz tumanida jami 886 gektar, jumladan 732 gektar tomchilatib sug‘orish (482 gektar paxta, 150 gektar bog‘, 100 gektar tok, 20 gektar boshqalar) va 154 gektar yomg‘irlatib sug‘orish (79 gektar g‘alla, 75 gektar sabzavot) texnologiyalarini joriy qilish hamda 600 gektar lazerli tekislash tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqilgan.  

Tuman bo‘yicha 27 ta fermer xo‘jaliklarining 599,3 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha 16 milliard 623 million so‘mlik pudrat shartnomasi tuzilgan.  

[gallery-13199]

 – “Oq-saroy” klaster MCHJ tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oq-saroy agro Qamashi” MCHJ  quruvchi korxonasi bilan 26 ta fermer xo‘jaliklarining 579,3 gektar paxta maydonlariga 16 milliard 113 million so‘mlik pudrat shartnomasi tuzilib, 21 ta fermer xo‘jaliklarining 478 gektar paxta maydonlariga 1 donadan  suv yig‘uvchi hovuz qazildi, – deydi Shahrisabz tuman irrigatsiya bo‘limining suv tejovchi texnologiyani joriy etish bo‘yicha mas’uli Sobir Tursunov. – 21 ta fermer xo‘jaliklarining 463 gektar paxta maydonlariga xizmat qiluvchi 22 ta suv yig‘uvchi hovuzlarga  gemembranalar to‘shaldi. Hovuz atroflari sim tur bilan o‘ralib elektr toklari tortildi. 18 ta fermer xo‘jaliklarining 407 gektar paxta maydonlariga  18 ta  nasos va filtrlar jamlanmasi o‘rnatildi. Hozirda 10 ta fermer xo‘jaligining 196 gektar paxta maydonlari qator orasiga tomizgichli shlanglar yotqizildi. “Oq-saroy” klaster MCHJ tomonidan 8 ta fermer xo‘jaligining  166 gektar paxta maydonida suv tejovchi texnologiyalar  to‘liq ishga tushirildi. Klaster korxonasi tomonidan 11 ta  fermer xo‘jaligida qo‘shimcha  artizan quduq qazish ishlari olib borilmoqda.  

Albatta, tomchilatib sug‘orishning afzalliklari ko‘p. Birinchidan suvni iqtisod qiladi, har bitta g‘o‘zaning bir xilda suv ichishini ta’minlaydi. Qator oralariga ishlov berish ishlari ham bir necha barobarga kamayadi.  

– Joriy yilda 20 gektar paytda maydonimizga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini tatbiq qildik, – deydi “Kesh pahlavoni Boboqulov” fermer xo‘jaligi rahbari Sanjar Temirov. – Hozircha hammasi yaxshi. G‘o‘zalarni sug‘oryapmiz. Chunki birinchi bor joriy qilishimiz bu texnologiyani. Agar o‘zini oqlab, kutgan natijaga erisha olsak, kelgusida barcha dalalarimizni ushbu usulda sug‘orishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz.  

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, paxta milliy boyligimiz. Yildan-yilga jahon bozorida o‘zbek paxtasi yuqori baholanmoqda. Bu esa nafaqat fermer xo‘jaliklarining, balki iqtisodiyotimizning boyishida muhim turtki bo‘ladi.  

O‘lmas Barotov, 
Jamshid Norqobilov (surat), 
O‘zA.