Shu kunning mavzusi
Joriy yil mamlakatimizda 29 ming fermer xo‘jaligi tomonidan 875,6 ming gektar maydonda paxta yetishtirildi. Hosilni qisqa fursatda va yuqori sifatda yig‘ib olish uchun g‘o‘za defoliatsiyasi – kimyoviy usulda bargsizlantirish tadbirlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish muhim ahamiyatga ega.
Defoliatsiya jarayoni samarali tashkil etilsa, g‘o‘zadagi ko‘saklar 10-15 kun oldin pishib yetiladi, birinchi terimda hosil miqdori ortib, yuqori navli xomashyo ulushi oshadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 5 avgustdagi 139-sonli yig‘ilishi bayoniga muvofiq, joriy mavsumda umumiy g‘o‘za maydonlarining 91 foizi – 795 ming gektarda defoliatsiya tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan. Ushbu jarayon 20 avgustdan boshlanib 15 sentyabrgacha davom etadi.

Maydonlar g‘o‘zaning pishib yetilish muddatiga qarab 3 guruhga ajratilgan. Ya’ni ertaki 198 ming gektar (1 sentyabrgacha), o‘rta muddatli 405 ming gektar (7 sentyabrgacha), kechki 192 ming gektar (10 sentyabrgacha).
Hududlardagi 3 933 ta purkagich agregat mavsumga to‘liq tayyor holatga keltirilgan. Shuningdek, defoliant moddalar zaxirasi 111 foiz hajmda ta’minlangan. 2025 yil 9 sentyabr holatiga ko‘ra, 661,5 ming gektar yoki 83 foiz g‘o‘za maydonida defoliatsiya ishlari amalga oshirildi.
“O‘zagroinspeksiya” tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 8 776 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 4 196 ta fermer xo‘jaligining 42 180 gektar maydonida kamchiliklar aniqlangan. Ularni bartaraf etish yuzasidan mahalliy hokimliklar va soha rahbarlariga 41 ta taqdimnoma, fermer va klasterlarga 280 ta yozma ko‘rsatma hamda 8 455 ta ogohlantirish berilgan.
Ayni paytda joylarda defoliantlarni me’yor asosida qo‘llash va tadbirlarni belgilangan grafik asosida o‘tkazish yuzasidan qat’iy nazorat ishlari davom ettirilmoqda.
N.Bozorova, O‘zA