French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘oyaviy front kurashchilari – tilda, fikrda, ishda birlik ko‘rsatganlar
13:42 / 2024-01-07

Tarixda vatan manfaati yo‘lida bilimi, kuch-g‘ayrati, mol-mulki va jonini ayamagan ajdodlarimiz ko‘p. Ular so‘nmas yulduzlardir.

Xususan, jadid bobolarimiz yurt ertasi, vatan himoyasini buyuk vazifa sanagan. Mavzu yuzasidan pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Davlatjon Mamatqulovning fikrlari bilan qiziqdik.  

– Ba’zan Vatan himoyachisi deyilganda soddaroq, bir tomonlama qarashlarni tushunamiz. Dastlab, xayolda harbiy xizmatchi, qurol-yarog‘, davlat chegaralari gavdalanadi. Aslida, Vatan himoyasi keng tushuncha, – deydi Davlatjon Mamatqulov. – Har bir davlatning o‘z manfaatlari bor. Umumiy qilib aytganda, bu milliy manfaat deb nomlanadi va uning har bir qismi turli soha vakillari tomonidan himoya qilinadi.  

O‘z kasbining chuqur bilimdoni bo‘lgan, professionallik va halollik bilan xalq manfaati yo‘lida kuch-g‘ayratini sarf etayotgan barcha Vatan himoyachisi hisoblanadi.

Ma’lumki, jadidchilik fenomeni Rossiya imperiyasining Turkistonni bosib olishi va uning mustamlakachilik siyosati davriga to‘g‘ri keladi. Mustamlakachilar o‘lkamizdagi ijtimoiy muhitga o‘z manfaatiga mos nuqtayi nazaridan tashxis qo‘ygan.  

Mazkur tashxis mahalliy xalq turmush tarzi irratsionalizm va egoistik-aksetizm mazmunidagi mafkuraviy omillarga asoslanib, imperiya manfaatiga qaratilgan.  

Darhaqiqat, yuqoridagi tashxis o‘sha davrdagi mustamlakachilik siyosatida isbotini topdi. Jumladan, ta’lim masalasida imperiya “boshlang‘ich maktablar har bir qishloqda bor bo‘lsada, ko‘p xalq o‘qishiga qaramasdan savodlilar yo‘q”, deya diniy ta’limi borlarni ham hisobga olmagan Turkistonning birinchi general-gubernatori Kaufman topshirig‘iga ko‘ra, o‘lkada mahalliy xalq ta’limi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan va oqibatda tanazzulga uchratish rejasi o‘z kuchini ko‘rsatgan.

Oqibatda shunday ham tashkil etish jarayoni nazorat qilinmagan, ta’lim berish sifati tushib ketgan  muassasalar boshqaruvi to‘liq izdan chiqdi. Ta’lim-tarbiya nazorati, ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylik yo‘qotildi.

Mahalliy xalq an’anaviy ta’limiga e’tiborsizlik va isloh qilmagani ham mafkuraviy usullardan biri edi.  

Faqat xalq ta’limigina Turkiston o‘lkasini ruhan bosib olishga qodirligi e’tirof etilib, pirovard maqsad, ularni ruslashtirishdan iborat bo‘lishi lozim, deb hisoblangan. Shuning uchun ham Rossiya imperiyasi g‘oyalarini targ‘ib qilishda hamda mahalliy xalqni boshqarishda yordam beradigan maslakdosh kadrlarni yetishtirib beruvchi rus-tuzem maktablari faoliyatiga katta baho berilgan.  

Tarixiy xulosalar mustamlakachilik siyosati Turkistondan faqat yer usti va yer osti qazilma boyliklarini olishga mo‘ljallanmagani, balki siyosatda hudud aholisini g‘oyaviy tobe qilish maqsadi ham mavjudligini ko‘rsatadi.

Turkistonda jadidchilik harakatlari shakllanishi o‘lkada vujudga kelgan milliy uyg‘onish ehtiyoji bilan bog‘liq. Tom ma’noda bunday mazmundagi g‘oyalarning shakllanishi uchun o‘lkada ijtimoiy muhit yetilgan edi.

Tarix silsilasi jadidlar zimmasiga ikki g‘oyaviy frontda kurash olib borish vazifasini qo‘ydi. Ular tashqi madaniyatni targ‘ib etishga asoslangan mustamlakachilik g‘oyasi va irrotsionalizm hamda egoistik-aksetizm mazmunidagi ichki g‘oyalar fronti edi.

Jadidchilik o‘z davrida regressiv g‘oyalarga qarshi shakllangan progressiv g‘oya sifatida ilg‘or fikrlovchi yoshlar, ma’rifatparvar shaxslar va taraqqiyparvar ziyolilarni birlashtira oldi. Jadidchilik g‘oyasi va amaliyotida asosan quyidagi yo‘nalishlar ustuvor edi.

Mavjud ichki va tashqi kuchlarning to‘sqinliklariga qaramay, jadidlar yangi usul maktablarini tashkil etish, iqtidorli yoshlarni xorijga o‘qishga yuborish, teatr truppalarini tuzish hamda gazeta va jurnallar chop qilish ishlarini uddasidan chiqa olishdi.  

Tarixchilarning yozishicha, Toshkentda 1910 yil 16 ta yangi usul maktabi, Qo‘qonda esa 1911 yil 530 nafar o‘quvchisi bo‘lgan 8 ta usuli jadid maktabi faoliyat ko‘rsatgan.  

Jadidlar mazkur davrda gazeta va jurnallar chop etish, shu orqali o‘z g‘oyalarini xalqqa yetkazishga ham katta ahamiyat berdilar. Gazeta, jurnallardagi aksariyat maqolalar xalqni ilm olishga, yosh avlodga dunyoviy ilm-fan bilan qurollantirishga undaydigan mazmunda edi.

Jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1913 yilda “Samarqand” gazetasida chop etilgan maqolasida “Boshqa millatlarga qaralsa, ko‘rilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham o‘qilur. Chunki dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur”, deyilgan.

“Oyina” jurnalidagi maqolasida “To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturg‘on oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimizda, dinimizda obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur”, degan fikrlar ilgari surilgan.

Jadidlar tomonidan tashkil etilgan maktablar, teatr truppalari, gazeta va jurnallar o‘z davrida g‘oyaviy kurash vositalari hisoblangan. Ular mazkur vositalardan g‘oyalarini ommaga yetkazish, g‘oyaviy raqiblarga raddiya berish, ularning haqsizligiga dalillar keltirish maqsadida foydalanishdi.

Biroq jadid ajdodlarimiz davri juda murakkab bo‘lib, bunda tashqi, mustamlakachi kuchlarning o‘z madaniyatini targ‘ib etishga asoslangan mustamlakachilik g‘oyalari kuchli edi. Bu yetmaganidek, boshqa masalalar –jadidchilik va qadimchilar o‘rtasidagi g‘oyaviy front ham yuzaga kelgan edi.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 11-12 dekabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ta’kidlaganlaridek, “Barchamizga ayonki, “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu g‘oya bilan maydonga chiqqan jadid bobolarimiz xalqlarimizni jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, ularni g‘aflat botqog‘idan qutqarishning asosiy yo‘li – bilim va ma’rifatda, dunyoviy taraqqiyotni egallashda, deb bildilar.

Ular shu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatib, yangi usul maktablari, teatr va kutubxonalar, nashriyotlar ochdilar. Jamiyat a’zolarining dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirish maqsadida gazeta va jurnallar nashr etdilar. Yoshlarni ilg‘or davlatlarga o‘qishga yubordilar.

Shu bilan birga, davlat boshqaruvi, sud-huquq, moliya, soliq tizimlari, yer masalalarini tadrijiy asosda tubdan isloh qilish uchun g‘oyaviy va amaliy harakatlar olib bordilar. Bir so‘z bilan aytganda, ular milliy uyg‘onish, milliy taraqqiyot g‘oyasini ro‘yobga chiqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar.

Afsuski, o‘sha davrdagi mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum bu ulug‘vor maqsadlarni amalga oshirishga yo‘l bermadi”.

Jadidlarning murakkab davrda oldinga chiqishi katta harakat edi. Har qanday jamiyatda tilda, fikrda, ishda birlik bo‘lishi yuksak marralarning asosi sanaladi.

Marhabo Madaminova, O‘zA