O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, navoiyshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, huquqshunos olim, yuridik fanlari doktori Halim Boboyev, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti kafedrasi mudiri Gulnoz Xoliyeva va boshqalar mamlakatimizda Navoiy merosiga tobora ko‘proq e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Butun turk dunyosi hazrat Alisher Navoiyni “shams ul-millat”, ya’ni “millat quyoshi” deb e’zozlab keladi. Buyuk bobokalonimiz umrini turkiy til mavqeini ko‘tarish, adabiyot imkoniyatlarini dunyoga tanitish, davlatchilik asoslarini mustahkamlash, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bag‘ishlagan.
Ulug‘ mutafakkir bobomiz davlat arbobi, temuriylar saroyining dongdor vakili, davlat ishlarining jonkuyari, halol huquqshunos va qonun ijodkori sifatida ham faoliyat yuritgan. Inson qalbining quvonchu qayg‘usini, ezgulik va hayot mazmunini, huquq va adolatning ma’no-mohiyatini Alisher Navoiydek teran ifoda etgan ijodkor jahon adabiyoti tarixida kam topiladi. Hazrat Navoiyning tarix va bashariyat oldidagi ulug‘ xizmatlaridan biri shundaki, ul zot adolat tuyg‘usini har bir inson, har qaysi xalq va millat intilib yashaydigan oliy mezon darajasiga ko‘targan.
– Alisher Navoiyning davlat arbobi sifatida siyosiy-huquqiy qarashlari nihoyatda muhimdir, – dedi huqushunos olim, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Halim Boboyev.
– Ijod ahli uning himoyasi va e’tiborida, rag‘batida bo‘ldi. Navoiy butun umrini xalqqa xizmat qilishga sarfladi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Hazrat Navoiy o‘z faoliyatida chigal, g‘oyat murakkab vaziyatlarni oqil so‘z, donishmandlik bilan hal etgan. Uning biron asarida millatchilik, irqchilik, bir davlatni boshqasidan ustun qo‘yish yoki kamsitish ko‘zga tashlanmaydi. Navoiy nainki bir mamlakat, balki butun dunyoda adolat, tinchlik ustuvor bo‘lishini tarannum etadi. Hazrat Navoiy ulug‘lagan qonun ustuvorligi g‘oyasi bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlari uchun asosiy shiorga aylangan.
– Navoiyni nainki she’riyat, balki odamiylik mulkining sultoni, desak yanglishmaymiz, – dedi olima Gulnoz Xoliyeva.
– Xalq bilan muloqot, qonun ustuvorligiga amal qilish uning faoliyatida muhim o‘rin tutgani yaxshi ma’lum. Mutafakkir bobomiz borliq, insoniylikka oid ko‘p fikrlarni Yevropa olimlaridan ancha avval aytib ketgan. Ehtimolki, mumtoz adabiyotimizga dunyoda bo‘lgan e’tibor ortib borayotganining sababi ham shundadir. Dunyo Navoiy asarlarini tarjima tilida o‘qib, shuncha hayratlanadi. Biz esa bu bebaho merosni aslicha – original tilda o‘qish baxtiga musharraf bo‘lgan xalqmiz.
Tadbirda so‘zga chiqqan navoiyshunos olimlar buyuk davlat arbobining adolatparvarlik, xalqparvarlik, tinchlikparvarlik jihatlariga e’tibor qaratdilar. Jumladan, Alisher Navoiyning davlat ishlaridagi faoliyatida adolat va qonuniy jamiyatga doir qarashlari alohida ajralib turgan. Ilmiy-badiiy asarlarida doimo davlatning halol, vijdonli kishilari, obro‘-e’tiborga loyiq ulamolar, arboblari ulug‘lanib kelingan. Siyosat adolat asosiga qurilgandagina davlat mustahkamlanishi, mazlumlar himoya qilinsa, yomonlar jazolansa, bu boshqalarga ibrat bo‘lishi ta’kidlangan.
Navoiy o‘zining “Xamsa”sida davlatchilik asoslari, taraqqiyotga yuz tutgan jamiyat muammolari, inson huquqi masalalariga ham chuqur munosabat bildirgan. “Xamsa”ning birinchi dostoni – “Hayrat ul-abror”da jamiyat farovon, hukumat adolatli, inson baxtli bo‘lmog‘i uchun nimalar lozim ekani xususida fikr yuritib, baxtli yashashni istagan inson uchun zarur bo‘lgan fazilatlar bayon qilingan.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ma’naviy kamol toptirishda Navoiyning milliy davlatchilikka oid qarashlari katta ahamiyatga ega. Zero, bugungi yoshlarimiz kelajakda davlat xizmatchilari, Vatanning chinakam vorislari bo‘ladi. Navoiyning davlat va jamiyat boshqaruvidagi hayotiy-falsafiy asarlari esa bunda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Shu ma’noda, Vatanimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo‘yib, yangi Uyg‘onish davri poydevorini yaratayotgan bugungi kunda mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nazokat USMOVA, O‘zA