Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘oyadan g‘alabagacha yosh tadbirkorlar forumi
12:14 / 2021-12-08

Farg‘ona viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligiga bag‘ishlangan “G‘oyadan g‘alabagacha yosh tadbirkorlar forumi” o‘tkazildi.

 Unda barcha shahar va tumanlardan kelgan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlar, tadbirkorlar ishtirok etdi.


Mamlakatimizda aholi, xususan, yoshlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, viloyatda ilk bor tashkil etilgan “Loyihalar fabrikasi” istiqbolli loyihalar ishlab chiqish hamda amaliyotga keng joriy etishda yaqindan ko‘makchi bo‘lmoqda.


Forum ishtirokchilari “O‘zmilliybank”AJning viloyat filialida faoliyat ko‘rsatayotgan “Loyihalar fabrikasi” faoliyati bilan tanishishdi. Fabrikaning maqsadi aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, tumanlarning ichki imkoniyatlarini chuqur tahlil qilgan holda ularning yangi o‘sish nuqtalarini aniqlab, ushbu sohalarga istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va mahalliy va xorijiy investorlarga taqdim etishdan iborat. Bunda g‘oyani loyihaga, loyihani korxonaga, korxonani eksportyorga aylantirish ko‘zlangan.


“Loyihalar fabrikasi” xodimlari tomonidan 16 ming 295 ta yangi ish o‘rniga ega umumiy qiymati 353,3 million dollarlik 180 ta loyihaviy taklif va biznes rejalar ishlab chiqildi. 86 ta loyihalarning tashabbuskorlari topilib, biznes reja va texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, taqdim etildi. Umumiy qiymati 6,3 million dollarlik 24 ta loyiha moliyalashtirildi va bu orqali 394 ta yangi ish o‘rni yaratildi.


Yoshlar bu yerda tadbirkorlik loyihalarini ishlab chiqilishi jarayonini ko‘zdan kechirib, mutaxassislardan zarur maslahatlar oldi.


Farg‘ona shahridagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi qoshidagi “Yoshlar biznes markazi” forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. O‘tgan yilda jamg‘arma tomonidan 206 ta loyihaga 32 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Quvasoy shahar, Beshariq, Dang‘ara, Quva, Qo‘shtepa, Oltiariq, Rishton,Toshloq, Furqat tumanlarida yoshlar mehnat guzarlari qurilgan. Shuningdek, hududlarda “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlari tashkil etilgan.


Yoshlarni biznes va tadbirkorlik sohasida bilim malakalarini shakllantirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida bir guruh yoshlar Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida bo‘lib, “biznes start up” seminar-treningida ishtirok etdi.


Farg‘ona tumanining Log‘on qishlog‘idagi “Vodiy-Shoes” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona, Marg‘ilon shahridagi Raqamli texnologiyalar markazi faoliyati bilan tanishuv yoshlarni yangi g‘oyalar sari undadi.


Islom Karimov nomidagi viloyat Teatr-konsert saroyida bo‘lib o‘tgan forumning asosiy tadbiri yoshlarning katta anjumaniga aylandi.


– bugungi tadbirdan ko‘zlagan asosiy maqsadimiz siz yoshlarda tadbirkorlikka rag‘bat uyg‘otish, bu boradagi g‘oyalaringizni ro‘yobga chiqarishga turtki berish, – deydi viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov.–Sizlar bugun ko‘rib, guvohi bo‘lgan va bo‘ladigan tadbirkorlik loyihalari, biznesni yuritish borasida erishilgan yutuqlar, tajribalar, bilimlar, g‘oyalar va tavsiyalardan birinchi navbatda o‘zingizning tadbirkorlik faoliyatingizni yo‘lga qo‘yish va amalga oshirishda samarali foydalanasiz. Qolaversa, bu haqida o‘zingiz kabi tengdoshlaringizga, viloyatimiz biznes vakillariga albatta, yetkazasiz.


Ilk bor tashkil etilgan “G‘oyadan g‘alabagacha yosh tadbirkorlar forumi” rasmiyatchilikdan xoli, tadbirkor bo‘lish istagidagi navqiron avlodning ochiq va samimiy muloqotiga aylandi.

M. Sulaymonov, O‘zA