Agar sizda biznes g‘oya bor bo‘lsa — bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermang. O‘z loyihangizni taqdim etish va moliyaviy ko‘mak olish uchun Yoshlar ishlari agentligining hududiy bo‘limlariga murojaat qiling.
Ta’lim, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Eng muhimi g‘oya, tashabbus va intilish bo‘lsa bas.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash va ijtimoiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan yangi tizim orqali yoshlar uchun biznes olamiga kirishda keng imkoniyatlar eshigi ochilyapti. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyatida Mahallalarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Respublika komissiyasi a’zolari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlarda hududlardagi yosh tadbirkorlar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazilib, ularning g‘oya va tashabbuslari tinglandi.
Muloqot davomida yoshlarning biznes g‘oyalarini amalga oshirish, ularni moliyalashtirish va zarur metodik ko‘mak berish masalalari muhokama qilindi. Natijada, “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi”, “Yoshlar Ventures” jamg‘armasi hamda tijorat banklari orqali moliyaviy yordam berish mexanizmlari ishlab chiqildi.
[gallery-24627]
Bu sa’y-harakatlar orqali minglab yoshlarga o‘z biznesini boshlash uchun real sharoit yaratiladi. Reja-grafik asosida ushbu muloqotlar barcha tuman va shaharlarda bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Bu esa har bir yoshga shaxsan murojaat qilish, g‘oyasini amalga oshirish imkonini beradi.
Har bir yosh uchun bu ulkan imkoniyat — o‘z g‘oyasini amaliy loyihaga aylantirish, uni moliyalashtirish va tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkonidir.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari