Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)da tajriba oshirmoqda.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari BAA Bosh vaziri ofisi hamda Muhammad bin Rashid nomidagi davlat boshqaruvi maktabi rahbariyati bilan uchrashdi.
BAA Bosh vazir ofisida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Government Accelerator dasturi doirasida davlat xizmatchilarini tayyorlash, zaxiradagi rahbar kadrlar hamda davlat tashkilotlari rahbarlari uchun trening va stajirovkalarni tashkil qilish, “Davlat sektorida innovatsion diplom” dasturi tajribasini o‘rganish va O‘zbekistonda joriy qilish yuzasidan qator amaliy kelishuvlarga erishildi.
Endilikda davlat xizmati xodimlari tarkibini tahlil qilish va prognoz qilish bo‘yicha BAA metodologiyasi o‘rganiladi. Shuningdek, "Government Accelerator" dasturi bo‘yicha 50 nafar davlat xizmatchisi o‘qitiladi.
Delegatsiya uchun tayyorlangan Dasturga muvofiq, Muhammad bin Rashid nomidagi davlat boshqaruvi maktabiga borildi. Uchrashuv samimiy ruhda o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida boshqaruv kadrlari uchun akademik va o‘quv dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqish, bu jarayonga yetakchi ekspertlarni jalb qilish masalalarida qator kelishuvlarga erishildi.
O‘zA