French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Go‘sht va sut mahsulotlari narxi tobora yuqorilab borishi kabi muammolar hamon mavjud
15:27 / 2022-02-09

Chorvani oila barakasi, deyishadi. Hovlisida bitta sog‘in sigiri bor ro‘zg‘orning dasturxoni fayzli, qo‘shimcha daromadli bo‘ladi.

Bugun yurtimizda chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, aholini yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlashga erishilmoqda.  Amalga oshirilayotgan ishlardan maqsad aholining arzon, sifatli go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashdir.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 9 fevralda qabul qilingan  «Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida  soha uchun bir qancha imkoniyatlar joriy etilishi belgilab berildi.

Mazkur hujjatga asosan, 2022-2023 yillarda har bir tumanda kamida 1 tadan go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar tomonidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash hamda  sotish faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

500-1000 boshga mo‘ljallangan chorvachilik komplekslari tashkil etiladi. Chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard so‘mgacha miqdordagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga kompensatsiya hamda kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etiladi.

Chorvachilik sohasida bir qancha  ishlar amalga oshirilishiga qaramasdan, go‘sht va sut mahsulotlari narxi tobora yuqorilab borishi kabi muammolar hamon mavjud.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, buning bir nechta omillari mavjud. Chorva mollarini oziqlantirish uchun ajratilgan yer maydonlarining qoramol bosh soniga mutanosib emasligi. Ya’ni fermer chorvachilik yoki bo‘rdoqichilikni qanchalik kengaytirishni xohlamasin, unga yetarlicha ekin maydoni ajratib berilmas ekan, ishini rivojlantira olmaydi. Demak, u yetishtirayotgan go‘sht va sut mahsulotlari hajmi ham ko‘paymaydi. Chorvada kutilgan natijaga erishish uchun avvalo zotdor mol boqish va yetarli ozuqa bazasini yaratish zarur.

Davlatimiz rahbarining mazkur qaroriga ko‘ra, o‘zlashtiriladigan va bo‘sh turgan yer maydonlari hisobidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berishni va yetishtirilgan chorva mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etgan go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarga, aholiga chorva ozuqasini yetkazib berish sharti bilan, chorva bosh soniga mutanosib ravishda ozuqa yerlari ochiq elektron tanlov asosida ijaraga beriladi.

Ozuqa bazasini yetishtirish uchun sug‘oriladigan yer maydonlari yetishmovchiligi mavjud bo‘lgan tumanlarda go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan iste’mol talabini to‘liq qondirish maqsadida kooperatsiya usulida go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga  hududlar  doirasida bir tumanda kooperatsiya usulida go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirishni tashkil etish hamda boshqa tumanda ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun ochiq elektron tanlov asosida sug‘oriladigan yerlar ajratiladi. 

Chorvachilik yo‘nalishida jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi. Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish maqsadlari uchun 2022 yilda Jahon bankining 300 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini jalb etish choralari amalga oshiriladi.

 

Muhayyo  Toshqorayeva, O‘zA