Google Yevropadagi eng yirik investitsiyasi loyihasini Germaniya bilan birga amalga oshiradi. Ya’ni, kompaniya ko‘hna qit’ada 2029 yilgacha €5,5 milliard mablag‘i bilan sun’iy intellekt va samoviy texnologiya infratuzilmasini kengaytiradi. Mazkur tashabbus doirasida Frankfurt yaqinidagi Ditsenbaxda yangi ma’lumotlar markazi quriladi, Xanaudagi kampus kengaytiriladi, Berlin, Frankfurt va Myunxendagi ofislar modernizatsiya qilinadi. Myunxendagi tarixiy Arnulf Post binosi esa 30 000 kvadrat metrli innovatsion markazga aylantirilib, 2 000 xodim uchun ish joyi yaratiladi.
Google shu orqali Germaniya yalpi ichki mahsulotiga har yili taxminan 1 milliard yevro qo‘shish, yana 9 000 ish o‘rni ochish niyatida. Olmon hukumati kiritilajak sarmoyani “innovatsiya, AI va yashil iqtisodiyot kelajagiga ishonch” deb atadi.
Yangi markazlar Mersedes-Bens kabi yirik kompaniyalarga tezroq va xavfsizroq sun’iy intellekt xizmatidan foydalanish imkonini beradi. Shu bilan birga “suveren samoviy xizmat"ni rivojlantirib, Yevropa mamlakatlari ma’lumot xavfsizligini mustahkamlaydi.
Kompaniya 2030 yilgacha 100 foiz uglerodsiz energiya manbalariga o‘tishni rejalashtirgan. Ditsenbaxdagi markazda chiqindi issiqlikni qayta ishlatish orqali 2 000 dan ziyod uyni isitish imkonini beruvchi tizim joriy etiladi.
Shuningdek, Google raqamli ta’lim va kodlash dasturlarini qo‘llab-quvvatlab, maktablarda STEM loyihalarini moliyalashtira boshlaydi. Shu tariqa kompaniya Germaniyada nafaqat texnologik, balki ijtimoiy sohada ham o‘z ta’sirini kengaytirish maqsadini ko‘zlagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA