Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Google” AI “poyga”sida yetakchiga aylandi
11:12 / 2026-02-05

Bir yil avval sun’iy intellekt “poyga”sida ortda qolayotgandek ko‘ringan “Google” bugun vaziyatni butunlay o‘zgartirdi. “Alphabet” tarkibidagi kompaniya AI sohasidagi keskin sakrash bilan “Wall Street” ishonchini qayta qozondi va “OpenAI” bilan raqobatda yetakchi sifatida tilga olinmoqda.

Bunga asosiy sabab – “Google”ning “Gemini 3” modeli. Yangi model foydalanuvchilar va biznesmenlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi hamda sun’iy intellektni kompaniyaning deyarli barcha yo‘nalishlariga chuqur singdirishga imkon berdi. Natijada AI nafaqat texnologik tajriba, balki real daromad manbaiga aylana boshladi.

“Alphabet” rahbari Sundar Pichai kompaniyaning AIga kiritgan investitsiyalari endi butun biznes bo‘ylab o‘sish berayotganini ta’kidladi. Hozirda “Google”ning “Gemini” ilovasi 750 milliondan ortiq oylik faol foydalanuvchiga ega. Bundan tashqari, korporativ segmentda “Gemini”ning pullik litsenziyalari soni 8 millionga yetgan. Bu esa sun’iy intellektning tijorat salohiyati ancha mustahkam ekanini ko‘rsatmoqda.

Shu ishonch fonida “Alphabet” joriy yilda AI infratuzilmasiga ajratiladigan kapital xarajatlarni deyarli ikki barobar oshirishni rejalashtirmoqda. Dastlab investorlarni cho‘chitgan bu reja “Google Cloud” daromadlarining 48 foiz o‘sishi bilan o‘zini oqladi. Natijada aksiyalar qisqa pasayishdan so‘ng yana barqarorlashdi.

Avval “OpenAI” bilan bog‘liq yirik bitimlar ijobiy qabul qilingan bo‘lsa, endi investorlar zarar bilan ishlayotgan, ammo ulkan majburiyatlar olayotgan modellar borasida ehtiyotkor bo‘la boshladi. Ushbu jarayonlarda “Google” moliyaviy barqarorlik va AIdan real foyda olayotgan kam sonli gigantlardan biri sifatida ajralib turmoqda.

Xulosa shuki, “Google” sun’iy intellektni shunchaki kelajak va’dasi emas, balki bugungi iqtisodiy kuchga aylantira oldi. Aynan shu jihat uni AI “poyga”sida “ortda qoluvchi”dan yetakchiga aylantirdi.

Musulmon Ziyo, O‘zA