Vaqtlar aro sayohat asrlardan buyon insoniyatni hayratga solib keladi, tarixga sayohat va kelajakka nazar bilan bog‘liq turfa hikoyatlar paydo qiladi. Qarang-ki, haqiqiy parvozda ham o‘tmishga “sayohat qilish” mumkin ekan! Xoh ishoning, xoh ishonmang, 2025 yilda havoga ko‘tarilgan va 2024 yilda Yerga qo‘ngan “Cathay Pacific” samolyoti bilan fizika qonuni buzilmasdan, shunday voqea sodir bo‘ldi.
Gap shundaki, shu nomdagi aviakompaniyaning CX880 yo‘nalishli reys mahalliy vaqt bilan 2025 yilning ilk kuni sanasida,yarim tundan keyin Gonkongdan parvoz etib, Los-Anjeles xalqaro aeroportiga 2024 yil Yangi yil arafasida yetib keldi.
Bu holat qanday ro‘y berdi, deysizmi? Samolyot 12 soatlik sayohatining yarmida Xalqaro sana chizig‘ini kesib, Tinch okeani uzra uchib o‘tdi.
“Zee News” yozishicha, yo‘lovchilar manzilga yetib kelgach, hali 2024 yil 31 dekabr ekanini bilishdi. Bu holat ilmiy fantastikadek tuyulishi mumkin, lekin savolning javobi vaqt mashinasida emas, balki geografiyada.
Xalqaro sana chizig‘i nima?
Xalqaro sana chizig‘i (IDL) ko‘rinmas chegara bo‘lib, Tinch okeani orqali, taxminan 180 graduslik uzunlik bo‘ylab o‘tgan. Ushbu o‘lcham taqvim sanasini o‘zgartiradigan chiziq vazifasini o‘taydi.
Ya’ni, agar siz Gonkongdan Los-Anjelesga IDL orqali sharqqa uchsangiz, manzilga jo‘nagan vaqtingizdan oldin yetib borasiz – soat va taqvim bo‘yicha, albatta.

Bir yangi yilni ikki marta nishonlashdi
CX880 reysi yo‘lovchilari uchun bu galgi sayohat g‘ayri oddiy kechdi. Ular Gonkongda Yangi yil bayramini nishonlab bo‘lib, parvozdan so‘ng Los-Anjelesga qo‘ngach, 2025 yilni ikkinchi marta kutib olishdi.
Vaqtning qiziq zigzagi
Sanani o‘zgartira oladigan Xalqaro sana chizig‘i to‘g‘ri yo‘nalmagan. Aksincha, mamlakatlar va orollarni qamrab olishi uchun egri shakl olib, hududlarni ikki xil taqvim o‘lchamiga bo‘ysunishining oldini olgan.
Ijtimoiy media sensatsiyasi
Ushbu noyob “vaqt sayohati” ijtimoiy tarmoqda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi, chunki odamlar bir Yangi yil ikki marta nishonlanishi g‘alatiligidan hayratga tushishdi. Haqiqiy davr sayohati bo‘lmasa-da, bu tajriba yo‘lovchilarga geografiya va vaqt bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligini anglash imkonini berdi.
Siz ham Tinch okeani bo‘ylab parvoz qilganingizda soatingizni kuzatib boring, ehtimol vaqt ichra sayohat qilarsiz...

O‘tkir Mirzo, O‘zA