Xitoy Gonkong maxsus ma’muriy hududi Tay Po tumanidagi turar-joy majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar uchun motam tutmoqda.
Milliy matbuot xabariga ko‘ra, ofat qurbonlari uchun 29 noyabrdan boshlab uch kunlik motam e’lon qilingan.
Gonkong ijrochi direktori Jon Li Ka-chiu va mahalliy hukumat amaldorlari ertalab Xitoy va Gonkong bayroqlari bilan 3 daqiqalik sukut saqladilar. Marhumlar xotirasiga shaharning 18 tumanida hamdardlik kitoblari ochilgan: fuqarolar kun davomida boshidan kechirganlarini yozib qo‘yishlari mumkin. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi hamda Xalq ozodlik armiyasining Gonkongdagi idora va muassasalarida yodlov marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

28 noyabr kungi so‘nggi bayonotda aytilishicha, "tilsiz yov" 128 kishi, jumladan bir o‘t o‘chiruvchini hayotdan olib ketgan. Jarohatlangan 79 fuqaroning 11 nafari o‘t o‘chiruvchi.
Taxminan 4000 kishi istiqomat qilgan majmuada o‘t o‘chirish harakati taxminan ikki kun davom etdi. Qidiruv-qutqaruv jarayoni hamon davom etyapti. Afsuski, hozircha jami 200 odam, jumladan jasadini tanib bo‘lmaganlar va yo‘qolganlar taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

1900 dan ortiq xonadon joylashgan "Wang Fuk" majmuasi hududida 26 noyabr kuni tushda boshlangan yong‘in ta’mirlash uchun binolar tashqi jabhasiga o‘rnatilgan bambuk iskala va yonuvchan ixota materiallari alangalanishi tufayli tez tarqalgan.

Yong‘in bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar uchun 5 darajali tasniflash tizimi qo‘llaniladigan Gonkongda 17 yil ichida birinchi marta xavfning eng yuqori darajasi – 5-daraja e’lon qilindi. Ushbu voqea Gonkongda so‘nggi 70 yil ichida eng ko‘p qurbonga olib kelgan fojia sifatida tarixga kirdi.
Tafsilotni tekshirgan tergovchilar uch kishi, xususan uchastkada ta’mir ishlarini olib borayotgan qurilish kompaniyasining ikki rahbari va maslahatchi muhandisni hibsga oldi. Korrupsiyaga qarshi mustaqil komissiya ham binoni tuzatish jarayonidagi qonunbuzarlik yuzasidan tekshiruv doirasida 11 kishini ushlagan.
G.Sattorova, O‘zA