Gonkongda ikki yoshli bola o‘ninchi qavatdan tushib ketib omon qoldi
Gonkongda osmanupar binoning 10 qavatidan tushib ketgan ikki yoshli bola kasalxonaga olib ketilganda ham xushini yo‘qotmagan, deb yozadi South China Morning Post nashri.
Ko‘ngilsiz hodisa dushanba kuni ertalab sodir bo‘lgan. Nashrning yozishicha, bolaning 36 yoshli onasi soat to‘qqizlarda qizini maktabga olib boraman deb ko‘chaga chiqqan. Onasi ko‘chaga chiqib ketganda bola uyg‘ongan, ikki qavatli krovatning yuqori qavatiga chiqib olgan va u yerdan deraza romiga tirmashgan, keyin tushib ketgan.
Bola tushib ketgan paytda sakkizinchi qavatdagi temir ayvonga urilgan, keyin yo‘lakka kelib tushgan. Shu yerdan o‘tib borayotgan erkak bolani ko‘rgan va politsiya chaqirgan.
Nashrning yozishicha, bola kesalxonaga keltirilganda ham xushida edi, u tezkor davolash bo‘limiga yotqizilgan. Shuningdek, bolaning onasi Indoneziya fuqarosi ekani ham aytilmoqda.