French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gonkong yong‘inida halok bo‘lganlar soni 44 kishiga yetdi
16:35 / 2025-11-27

Gonkongning maxsus ma’muriy hududi hisoblangan Tay Po tumanidagi turar-joy majmuasida yuz bergan yong‘in qurbonlari soni 44 kishiga yetdi. Ayni payt 279 insonning taqdiri noma’lum.

Mahalliy "South China Morning Post" (SCMP) nashri xabariga ko‘ra, olov ichra qolgan osmono‘par binodan chiqayotgan marhumlar soni ortishda davom etyapti. Bir kun oldin 1900 dan ziyod xonadonni birlashtirgan turar-joy majmuasi hududida boshlangan yong‘in ta’mirlash ishlari uchun o‘rnatilgan, bambukdan yasalgan tashqi iskala bo‘ylab tez tarqalgan.

Yong‘in xizmati idorasi ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bir o‘t o‘chiruvchi ham bor. Kasalxonaga olib ketilganlardan 45 nafarining ahvoli og‘ir. Jami 4 000 ga yaqin kishi yashagan majmuaning olov o‘rlagan yetti bo‘limidan uchtasi nazoratga olindi.

Fojia kelib chiqishiga aloqador, deya gumonlangan 3 fuqaro - ta’mir uchun mas’ul qurilish kompaniyasining ikki rahbari va maslahatchi muhandis hibsga olingan. Ular beparvolik tufayli qasddan o‘limga sabab bo‘lganlikda ayblanmoqda. Deraza chetiga qo‘yilgan yelim ko‘pik ham olov tez tarqalishiga yordam bergani taxmin qilinmoqda.

— Kompaniya mas’ul shaxslari o‘ta beparvolik bilan harakat qilgani  alanga tezlashishi va qurbonlar ko‘payishiga olib kelgan, deb taxmin qilish uchun asos bor, — deydi politsiya bosh inspektori Aylin Chun. — Dastlabki tekshiruv olov g‘ayritabiiy darajada tez tarqalganini ko‘rsatgan. Hodisa 5-xavf darajasi bilan tasniflandi. Gonkongda yong‘in jadalligini baholash uchun besh bosqichli tizim joriy qilingan. Hozir 17 yil ichida birinchi marta beshinchi — eng yuqori tashvish darajasi e’lon qilindi.

Rasmiylar yaqin atrofdagi boshqa ikki turar-joy majmuasidan odamlar evakuatsiya qilingani haqida ham xabar berishdi. Bevosita jabrlangan 900 ga yaqin  inson sakkiz turar-joy markazidan vaqtincha boshpana topdi. Voqea joyiga 140 dan ortiq o‘t o‘chirish mashinasi, 800 nafardan ko‘p birinchi yordam xodimi yuborilgan.

Transport vazirligi bayonotida hududdagi yo‘llar yopilgani ta’kidlangan.

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin mahalliy hukumatga hamdardlik bildirib, Gonkong va Makao ishlari boshqarmasiga yong‘in oqibatini bartaraf etishda mahalliy hokimiyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Ma’muriyat rahbari Jon Li Kachxiu halok bo‘lganlarning oilalariga ta’ziya izhor etdi va yaralanganlar tezroq sog‘ayishini tiladi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA