Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gongkonglik investorlar Surxondaryoda yirik loyihalarni amalga oshiradi
10:25 / 2026-01-19

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Xitoy Xalqaro kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va “JDB Group Limited” kompaniyasi raisi Chen Xung To boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Prezidentlarimizning o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlari asosida O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalari yangi bosqichda rivojlanmoqda. Bu jarayonda Xitoy Xalqaro kommunikatsiya markazining ham o‘z o‘rni bor.

Uchrashuvda Ulug‘bek Qosimov mehmonlarga Surxondaryo viloyatining investitsiyaviy salohiyati, hududning strategik geoiqtisodiy joylashuvi, ishga solinmagan resurs va zaxiralar, shuningdek, tashqi bozorlar bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli yo‘nalishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Delegatsiya hamraisi Long Yuysyan Surxondaryo viloyatining qishloq xo‘jaligi sohasidagi yuqori eksportbop salohiyatini alohida e’tirof etib, hududda yetishtirilayotgan sifatli va raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Gonkong bozorlariga chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi.

Muloqot chog‘ida avvalgi muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, janubdagi vohaning istiqbolli maydonlarini hamkorlikda o‘zlashtirib, qimmatbaho ma’danlarni qayta ishlash loyihasini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etilib, tegishli kelishuvlar imzolandi. O‘zaro hujjat almashildi.

Loyihaning dastlabki bosqichida geologiya-qidiruv ishlari, aerogeofizika va boshqa ishlar tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida amalga oshirilib, istiqbolli maydonlarning zaxiralari tasdiqlanadi. Texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi. Keyingi bosqichda texnik iqtisodiy asoslarga muvofiq “JDB Group Limited” kompaniyasi O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimosti korxonalarining biri bilan qo‘shma korxona tashkil etib, aniqlangan zaxiralarni o‘zlashtirish va ma’danni qayta ishlash quvvatlarini barpo etadi.

– Bizning asosiy maqsadimiz davlatlarimiz rahbarlari erishgan barcha kelishuvlarni hayotga samarali joriy etishdir, – deydi Xitoy Xalqaro kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan. – Shuni mamnuniyat bilan aytmoqchimanki, o‘tgan yilning 5 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari ishtirokidagi energetika loyihalariga start berish marosimida ishtirok etdim. Ularning qabullarida sermazmun suhbat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Muloqot chog‘ida bizga berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun Surxondaryo viloyatida bo‘lib, geologiya, qishloq xo‘jaligi, energetika kabi sohalarda salmoqli kelishuvlarga erishdik. Uchrashuvimizda nafaqat Gongkongning, balki butun Osiyoning mashhur brendiga ega bo‘lgan “JDB Group Limited” kompaniyasi boshqaruv raisi va 27 kishidan iborat delegatsiya bilan viloyatga keldik. Men bir narsani baralla aytishim mumkinki, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh chekka va olis hududiga dunyoning eng rivojlangan kompaniyalaridan biri – gongkonglik tadbirkorlarning yetib kelishining o‘zi, bu Prezident janobi oliylari amalga oshirayotgan izchil islohotlar samarasidir. Bizga ko‘rsatilgan yordam uchun mahalliy hokimlik va hokimga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Shu kuni mehmonlar Termiz xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi bilan ham yaqindan tanishib, bu joy Janubiy, Shimoliy va Sharqiy Osiyo davlatlarini o‘zaro bog‘lovchi muhim mintaqaviy logistika habi sifatida shakllanish imkoniyatiga ega ekanini qayd etdi. Gonkonglik investorlarni Surxondaryo viloyatiga jalb etishda ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Xitoy bilan aloqalar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Ixtiyor Niyazmuradov, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova ishtirok etdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri