Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gollarga boy yakshanba yoxud superligada 2006 yildan beri ilk bor penta-trik qayd etildi
11:52 / 2019-04-08

Kecha O‘zbekiston superligasida 3-tur o‘yinlari yakunlandi. Ta'kidlash joiz, yakshanba kungi o‘yinlar gollarga boy bo‘ldi.


Kecha O‘zbekiston superligasida 3-tur o‘yinlari yakunlandi. Ta'kidlash joiz, yakshanba kungi o‘yinlar gollarga boy bo‘ldi.

Sermahsullik borasidagi eng yaxshi natija Olmaliqda kuzatildi. AGMK jamoasi ortda qolgan ikki turda nursiz o‘yin ko‘rsatib, muxlislarini ranjitgan edi. Ammo, kecha Mirjalol Qosimov jamoasi maydonda guyoki uchib yurdi, ayniqsa hujumchi Zafar Polvonov.

AGMKning 9-raqamli hujumchisi “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yinda raqiblari darvozasini naqd 5 (!) marotaba ishg‘ol qilib, penta-trik qayd etdi. Bunaqasi milliy chempionatlarimizda so‘nggi bor 2006 yilda kuzatilgandi. Oradan 13 yil o‘tib Polvonov rekordni takrorladi va shu bilan birga joriy mavsumda to‘purarlar bahsida yetakchilikni qo‘lga oldi. Olmaliqlarning yana ikki golini yarim himoyachi Dilshod Jo‘rayev kiritdi va endilikda u ham to‘purarlar safidan joy oldi. “Qo‘qon-1912” klubining yagona javob to‘pini jamoa sardori Murod Xolmuhamedov 11 metrlik jarimadan kiritdi.

photo_2019-04-08_11-51-59 (2).jpg

Buxoroda maydon egalari Navoiyning “Qizilqum” jamoasini qabul qildi. O‘ziga xos derbida kuchlar teng keldi. E'tiborlisi, navoiyliklar safida yana o‘sha nikaragualik Medina o‘zini ko‘rsatdi. “Buxoro” jamoasini muqarrar mag‘lubiyatdan Doston Ibrohimov qutqardi. Shu tariqa “Qizilqum” o‘zining mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda.

Va nihoyat Jizzaxda “So‘g‘diyona” jamoasi superliganing yangi vakili “Surxon”ni qabul qildi va kutilmaganda yirik hisobda imkoniyatni boy berdi. Andrey Miklyayev shogirdlari shu kungacha ikkala o‘yinni ham o‘z maydonida o‘tkazishgan va 4 ochko jamg‘arishgan edi. Eng qizig‘i, janubliklar turdan turga kiritayotgan gollari sonini oshirib borishmoqda. Avvaliga ular “Metallurg” darvozasini atigi bir marta ishg‘ol etgan bo‘lsa, 2-turda “Dinamo”ni 2-1 hisobi bilan mag‘lub etgandi.

Jizzaxdagi o‘yinda “Surxon” futbolchilari dastlabki 45 daqiqalikdayoq barcha masalaga uzil-kesil nuqta qo‘ydi. Shavkat Salomovning dubli va Sherzod Hakimov tomonidan urilgan gol hisobni 0-3 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Tanaffusdan keyin jizzaxliklar harchand urinmasin, mag‘lubiyatdan qutilish tugul hatto hisobdagi farqni ham qisqartira olmadi.

photo_2019-04-08_11-51-59.jpg

Ushbu g‘alabadan so‘ng “Surxon” klubi o‘z ochkolari sonini 7taga yetkazgan holda jadvalda 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Chempionatda hozircha yo‘qotishsiz odimlayotgan “Paxtakor” peshqadam bo‘lib turibdi. Ular hisobida 9 ochko bor. Kuchli uchlikni 6 ochko jamg‘argan amaldagi chempion “Lokomotiv” yakunlab beradi. Jadvalning quyi pog‘onalarini atigi 1 ochkoga ega “Navbahor” va 2 ochko jamg‘argan “Qo‘qon-1912” jamoalari band etib turishibdi.

To‘purarlar bahsida 5ta gol bilan Zafar Polvonov (AGMK) yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, biryo‘la uch nafar futbolchi - Dragan Cheran (“Paxtakor”), Dilshod Jo‘rayev (AGMK) va Sherzod Hakimov (”Surxon”) hisobida 3tadan gol mavjud.

O‘zbekiston superligasi. 3-tur

AGMK - “Qo‘qon-1912” - 7:1
Gollar: Zafar Polvonov (10, 37, 76, 80, 90+2), Dilshod Jo‘rayev (32, 72-pen.) - Murod Xolmuhammedov (56-pen.).

“Buxoro” - “Qizilqum” - 1:1
Gollar: Doston Ibragimov (27) - Ariagner Smit Medina (5).

“So‘g‘diyona” - “Surxon” - 0:3
Gollar: Shavkat Salomov (10, 14), Sherzod Hakimov (32).

Superliga jamoalari 4-tur o‘yinlarini 12-14 aprel kunlari o‘tkazishadi.