Bugun, 27-fevral kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida gandbol bo‘yicha davom etayotgan O‘zbekiston chempionati 1-davrasining oltinchi kungi o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Ayollar jamoalari o‘rtasidagi bahslarda Namanganning “Nam DU” jamoasi Jizzax bilan, mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettirayotgan toshkentlik gandbolchi qizlar jamoasi “OKMK” bilan, Samarqand jamoasi Xorazmning “Ranch” gandbolchilari bilan, navoiyliklar esa Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlari markazi vakillari bilan kuch sinashadi.
Kecha ayollar jamoalari o‘rtasida kechgan o‘yinlarda Toshkent jamoasi g‘oliblik an’anasiga sodiq qoldi. Poytaxtliklar bu safar Navoiy gandbolchilarini 31:22 hisobida mag‘lub etdi. Shuningdek, qolgan uchrashuvlarda qo‘yidagi natijalar qayd etildi: Namangan – “Ranch” 35:41, “OKMK” – Samarqand 35:26, Jizzax – ROPSTTM 27:32.
Erkaklar jamoalari o‘rtasida kecha yakunlangan bahslarda poytaxtliklar Farg‘onaning "Qo‘qon DU" gandbolchilarini 37:25 ko‘rinishida yengdi. Qolgan o‘yinlarda esa natijalar quyidagi ko‘rinishni oldi: Navoiy viloyati – “Ma’mun” 18:29, "BuxDU" – “Ter DU” 16:31, Qoraqalpog‘iston Respublikasi – “OKMK” 30:31.
Aytish lozim, erkaklar jamoalari o‘rtasida ortda qolgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, hozircha Toshkent, “OKMK”, Surxondaryoning “TerDU” va Xorazmning “Ma’mun” jamoalari chempionatning 1-davra o‘yinlarini mag‘lubiyatsiz davom ettirmoqda.
Ertaga, 28-fevral kuni O‘zbekiston chempionati 1-davra o‘yinlarining so‘nggi tur bahslari tashkil etiladi. Aynan shu kuni erkaklar jamoalari o‘rtasida “OKMK” – “Ma’mun” va Toshkent – “TerDU” jamoalari ro‘baro‘ keladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bJqR6RzKhFQ" title="G`oliblik an’anasini davom ettirayotgan Toshkent jamoasi “OKMK” to`sig`idan o`ta oladimi? " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>T.Ro‘ziyev, A.Ahmedov (video), O‘zA